Venesuelada 8 kun vayronalar ostida qolgan erkak qutqarildi
Olam
−
13:43 1077 2 daqiqa
Venesuelaning La Guaira shahrida kuchli zilzilalardan sakkiz kun o‘tib, qutqaruvchilar vayronalar ostidan tirik qolgan bir erkakni olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Mahalliy rasmiylar va xalqaro qutqaruv guruhlari ushbu amaliyotni “mo‘’jizaviy qutqaruv” deb baholamoqda. Bu haqda “CNN” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, savdo markazida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan 43 yoshli Hernan Gil qulab tushgan avtoturargoh ostida taxminan 9 metr chuqurlikda qolib ketgan. Uni qidirish va xavfsiz chiqarish ishlari 70 soatdan ortiq davom etgan.
Qutqaruvchilar radar, ovozni aniqlash uskunalari hamda maxsus kameralar yordamida erkakning tirik ekanini aniqlagan. Keyinchalik tor bo‘shliq orqali unga suv, oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib turilgan.
Qutqaruv ishlarida Venesuela, Chili, Kosta-Rika va boshqa davlatlardan kelgan mutaxassislar ishtirok etgan. Operatsiya davomida bino har qanday vaqtda qulab tushishi mumkinligi sababli ishlar o‘ta murakkab sharoitda olib borilgan.
Qutqaruvdan so‘ng Gil shifoxonaga yetkazilgan. Shifokorlar uning ahvoli barqaror ekanini, hushi joyida bo‘lib, barcha hayotiy ko‘rsatkichlari me’yorida ekanini ma’lum qilgan.
“Yaxshiyamki, janob Hernan tez yordam mashinasiga olib chiqilishi bilan ahvoli barqarorlashdi. Shifoxonaga olib ketilayotganda hushida bo‘lib, vaziyatni yaxshi anglab turdi. Hozirda uning barcha hayotiy ko‘rsatkichlari meyorida”, deydi qutqaruv ishlarida qatnashgan Venesuela Qizil Xochi feldsheri Luis Rodriges.
Gilning rafiqasi Gusvimar Gonsalesning aytishicha, oilasi sakkiz kun davomida uning tirik qolishidan umid uzmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qutqaruv xabari oilaga yana umid bag‘ishlagan.
BMTning Tabiiy ofatlarni baholash va muvofiqlashtirish guruhi vakili Sebastyan Mokorker bunday holat juda kam uchrashini ta’kidlagan. Uning aytishicha, zilziladan keyingi dastlabki 72 soat omon qolganlarni topish uchun “oltin vaqt” hisoblanadi va undan keyin tirik qolish ehtimoli keskin kamayadi.
Venesuela hukumati qidiruv-qutqaruv ishlari hali ham davom etayotganini bildirgan. So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, zilzilalar oqibatida kamida 2 295 kishi halok bo‘lgan. Qutqaruvchilar vayronalar ostida yana tirik qolganlarni izlashni davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Venesuelada kolumbiyalik qutqaruvchilar vayronalar ostidan 11 yoshli bolani olib chiqqandi.
Mumtozbegim Abdumo‘minova
Live
Barchasi