Venesuelada favqulodda holat e’lon qilindi
Olam
−
03 yanvar 4857 2 daqiqa
Venesuela hukumati bugun, 3 yanvar kuni Karakas va poytaxt shimolidagi hududlarda sodir bo‘lgan bir qator portlashlardan so‘ng favqulodda holat e’lon qildi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
“Bayonotga ko‘ra, Prezident Nikolas Maduro barcha milliy mudofaa rejalarini amalga oshirishni buyurdi va tashqi aralashuv ostida favqulodda holat e’lon qildi.
Hamma ko‘chalarga! Hukumat mamlakatdagi barcha ijtimoiy va siyosiy kuchlarni safarbarlik rejalarini faollashtirishga va bu imperialistik hujumni qaytarishga chaqiradi”, deyilgan bayonotda.
Shu bilan birga, AQSH Federal aviatsiya ma’muriyati “davom etayotgan harbiy faoliya” tufayli Venesuela havo hududida barcha tijorat reyslarini taqiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 3 yanvar kuni ertalabdan beri Venesuela poytaxtida va mamlakatning boshqa aholi punktlarida portlashlar sodir bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Buning ortidan Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro Venesuela poytaxti Karakas harbiy hujumga uchrayotganini ma’lum qildi.
Qayd etish joiz, 2025 yil kuz boshida AQSH Karib dengizi hududiga o‘zining eng zamonaviy Gerald Ford aviatsiya tashuvchisini, esminetslar va qiruvchi samolyotlarni yuborgan edi. Sentyabr oyidan buyon giyohvand moddalar tashiyotgan kemalarga zarbalar berilmoqda. AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Nikolas Maduroni Venesuelaning huquqiy prezidenti sifatida tan olmaydi va mamlakat hukumatini narkotrafikka qarshi yetarlicha kurash olib bormayotganlikda ayblaydi.
17 dekabr kuni Tramp Venesuelaga borayotgan va undan chiqayotgan, sanksiyalar ostidagi barcha neft tankerlarini to‘liq blokadaga olish buyrug‘ini berganini e’lon qilgan.
Sentyabr boshida CNN Tramp Venesuela hududidagi narkokartellarga zarba berish variantini ko‘rib chiqayotganini xabar bergan edi. Biroq noyabr o‘rtalariga kelib, Tramp Venesuelada quruqlikdagi harbiy operatsiya o‘tkazish yoki o‘tkazmaslik bo‘yicha hali qaror qabul qilmagani ma’lum qilingan.
Live
Barchasi