Tramp Venesuela qirg‘oqlariga 16 ming kishilik harbiy kuch yubordi – OAV

Olam

image

AQSH Karib havzasida taxminan 16 ming harbiy xizmatchidan iborat bo‘lgan harbiy guruhni joylashtirishni boshladi. Bu haqda “The Washington Post” nashri xabar berdi.

“Karib havzasida joylashtirilgan amerikalik harbiy xizmatchilar taxminiy soni 10 ming askar va 6 ming dengizchi. Bu ma’lumotlar 31 oktyabr holatiga tegishli bo‘lib, Pentagon tomonidan e’lon qilingan va tasdiqlangan kemalar soniga asoslanadi”, deyiladi xabarda.

Nashrga ko‘ra, hozirda Karib havzasida AQSH dengiz flotining sakkizta kemasi va atom suvosti kemasi joylashgan. Shuningdek, u yerga Gerald Ford aviatashuvchi guruhi yo‘l olgan bo‘lib, uning keyingi haftada yetib borishi kutilmoqda.

Joriy yilning sentyabr va oktabr oylarida AQSH Qurolli kuchlari Venesuela sohillari yaqinida narkotik tashishda gumon qilingan katerlarni yo‘q qilish uchun bir necha bor harbiy kuch ishlatgan. OAV xabariga ko‘ra, Vashington endi Venesuela hududida joylashgan nishonlarga zarba berish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.

“Newsweek” nashrining xabar berishicha, AQSHning USS Iwo Jima desant kemasi va uni kuzatib borayotgan boshqa kemalar Venesuelaning La-Orchila orolidan taxminan 200 kilometr uzoqlikda joylashgan. Bu masofa ehtimoliy harbiy operatsiyalarni o‘tkazish uchun yetarli doiraga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, manbalarga tayanib, “Miami Herald” gazetasining yozishicha, AQSH yaqin soatlar yoki kunlarda Venesuela hududidagi nishonlarga havo zarbalari berishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti AQSHning Karib dengizi va Tinch okeanida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanayotgan deb taxmin qilinayotgan kemalarga qarshi amalga oshirgan havo hujumlarini inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquqni buzish deb hisoblab, ularni to‘xtatishga chaqirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Karib harbiy guruh dengiz floti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing