Tramp Prezident Maduroni olib qochish rejasini qanday tuzganini aytib berdi
Olam
−
03 yanvar 14027 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olish bo‘yicha operatsiyani bir haftadan ko‘proq vaqt oldin, Rojdestvodan oldin, 25 dekabr kuni ma’qullagan. Bu haqda NBC telekanali o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, Tramp Venesueladagi AQSH harbiylari va huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan o‘tkazilgan operatsiyani bir haftadan ko‘proq vaqt oldin ma’qullagan.
“Reja Rojdestvodan oldin tasdiqlangan va aftidan, operatsiyaning aniq vaqti o‘shandan beri deyarli soatbay muhokama qilingan”, deyiladi telekanal efirida.
Trampning o‘zi esa Nikolas Maduroni qo‘lga olish operatsiyasini 2-4 kun avvalga rejalashtirgani, ammo yomon ob-havo sharoiti sabab uni keyinga qoldirishga majbur bo‘lganini aytmoqda. U bu haqda “Fox News” telekanali efiridagi bayonotda gapirgan.
“Biz buni to‘rt kun oldin qilmoqchi edik, lekin ob-havo mukammal emas edi. Ob-havo mukammal bo‘lishi kerak”, deydi Tramp.
Uning bildirishicha, Nikolas Maduroni mamlakatdan olib chiqib ketish operatsiyasi Karakasda ob-havo yaxshilanib, parvozlarni amalga oshirishga ruxsat berilgach, xamirdan qil sug‘urgandek oson kechgan.
Donald Tramp Venesueladagi operatsiyani Florida shtatining Uest-Palm-Bich yaqinidagi Mar-a-Lago qarorgohidan kuzatib borganini aytdi.
“Bizda xona bor edi va biz [operatsiyaning] har bir jihatini kuzatib bordik. Bizni ko‘plab odamlar, jumladan, generallar qurshab olgan edi, nima bo‘layotganini hamma bilardi. Bu juda murakkab, nihoyatda murakkab [operatsiya] edi”, deydi Oq uy rahbari.
Ma’lumot uchun, AQSH Bosh prokurori Pamela Jo Bondiga ko‘ra, Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresga “narkoterrorizm”, qurol saqlash va giyohvand moddalar kontrabandasi ayblovlari qo‘yilgan. Rasmiy Moskva AQSHni Venesuela Prezidenti va uning rafiqasini ozod qilishga chaqirmoqda. Venesuela Bosh prokurori Tarek Uilyam Saab Qo‘shma Shtatlardan Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresning tirikligini tasdiqlashni talab qildi hamda ularning taqdiri uchun Amerika ma’muriyatini javobgar deb atadi.
AQSHning Venesuelaga hujumi
Eslatib o‘tamiz, 3 yanvar kuni Venesuela poytaxti Karakas shahrida kamida yettita portlash sodir bo‘ldi. Portlash tovushlari shaharning turli hududlarida, shuningdek Simon Bolivar nomidagi Mayketiya aeroporti va La-Guayra porti atrofida ham eshitilgan.
Keyinroq Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro AQSHni Venesuelani bombardimon qilishda ayblab, BMTning favqulodda yig‘ilishini yig‘ishga chaqirdi. Shundan so‘ng CBS telekanali AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesuela hududidagi qator ob’ektlarga, jumladan harbiy nishonlarga zarba berish buyrug‘ini berganini ma’lum qildi.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro mamlakatda keng qamrovli mudofaa tizimini zudlik bilan ishga tushirish va milliy kuchlarni safarbar etish bo‘yicha buyruq berdi. Mamlakatda favqulodda holat rejimi e’lon qilindi.
Keyinchalik Donald Tramp Venesuelaga qilingan hujum bo‘yicha bayonot berib, Maduro rafiqasi bilan birga qo‘lga olingani va mamlakatdan olib chiqib ketilganini ma’lum qildi.
Live
Barchasi