AQSH Venesuelaga ikkinchi zarbaga tayyor, ammo... – Tramp
Olam
−
03 yanvar 8923 3 daqiqa
Qo‘shma Shtatlar Venesuelaga ikkinchi zarbalar to‘lqiniga tayyor edi, ammo bu zarur emas. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp “Fox News” efirida ma’lum qildi.
“Biz zarbalarning ikkinchi to‘lqiniga tayyor edik. Bizda hamma narsa tayyor edi, lekin bu birinchi to‘lqin shunchalik halokatli, shunchalik kuchli ediki, biz bunga majbur emas edik. Lekin biz tayyormiz. Bizda u yerda hech kim ko‘rmagan armada bor”, deydi Tramp.
Uning alohida qayd etishicha, Vashington ma’muriyati Venesuelaning siyosiy kelajagi borasida qarorlar qabul qilmoqchi va Qo‘shma Shtatlar bu jarayonlarda ishtirok etadi.
“Biz hozir shu masalani hal qilyapmiz. Biz boshqa birovning hokimiyatni egallashiga yo‘l qo‘yib, u Venesuelada Maduro qoldirgan merosni davom ettirishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Shunday qilib, biz hozir qaror qabul qilyapmiz. Biz juda faol ishtirok etamiz. Biz odamlarga erkinlik bermoqchimiz. Biz ajoyib munosabatlarga ega bo‘lishni xohlaymiz”, deydi Tramp.
Uning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar kutilganidek Venesuela neft sektorida jiddiy ishtirokchiga aylanadi.
“Men bizdan juda faol bo‘lishimizni kutaman, xolos”, deydi u Bolivar Respublikasi neft sektorining kelajagi haqidagi savolga javob berar ekan.
Trampga ko‘ra, hozirgi vaziyatga qaramay, Venesueladan Xitoyga neft yetkazib berish davom etadi. U AQSH-Xitoy munosabatlarida hech qanday muammo bo‘lishini kutmayotganini ochiqlagan.
“Men bu haqda hech narsa bilmayman, lekin men Prezident Si Szinpin bilan juda yaxshi munosabatlarga egaman va hech qanday muammo bo‘lmaydi. Ular o‘z neftlarini olishadi. Biz odamlarga o‘z neftlarini olishlariga ruxsat beramiz”, deydi Tramp.
Ma’lumot uchun, AQSH Bosh prokurori Pamela Jo Bondiga ko‘ra, Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresga “narkoterrorizm”, qurol saqlash va giyohvand moddalar kontrabandasi ayblovlari qo‘yilgan. Rasmiy Moskva AQSHni Venesuela Prezidenti va uning rafiqasini ozod qilishga chaqirmoqda. Venesuela Bosh prokurori Tarek Uilyam Saab Qo‘shma Shtatlardan Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresning tirikligini tasdiqlashni talab qildi hamda ularning taqdiri uchun Amerika ma’muriyatini javobgar deb atadi.
AQSHning Venesuelaga hujumi
Eslatib o‘tamiz, 3 yanvar kuni Venesuela poytaxti Karakas shahrida kamida yettita portlash sodir bo‘ldi. Portlash tovushlari shaharning turli hududlarida, shuningdek Simon Bolivar nomidagi Mayketiya aeroporti va La-Guayra porti atrofida ham eshitilgan.
Keyinroq Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro AQSHni Venesuelani bombardimon qilishda ayblab, BMTning favqulodda yig‘ilishini yig‘ishga chaqirdi. Shundan so‘ng CBS telekanali AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesuela hududidagi qator ob’ektlarga, jumladan harbiy nishonlarga zarba berish buyrug‘ini berganini ma’lum qildi.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro mamlakatda keng qamrovli mudofaa tizimini zudlik bilan ishga tushirish va milliy kuchlarni safarbar etish bo‘yicha buyruq berdi. Mamlakatda favqulodda holat rejimi e’lon qilindi.
Keyinchalik Donald Tramp Venesuelaga qilingan hujum bo‘yicha bayonot berib, Maduro rafiqasi bilan birga qo‘lga olingani va mamlakatdan olib chiqib ketilganini ma’lum qildi.
Live
Barchasi