Venesuelada harbiy safarbarlik e’lon qilindi
Olam
−
24 avgust 9628 3 daqiqa
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro 23–24 avgust kunlari Bolivarian kuchlariga umumxalq safarbarlikni e’lon qildi. Bu haqda “Venezolana de Televisión” xabar berdi.
Prezidentning ta’kidlashicha, bu qaror “amerikalik imperializm”dan kelayotgan tahdidlarga javob va mamlakat suverenitetini himoya qilish chorasi hisoblanadi.
Maduro Karakas shahridagi Kaxigal observatoriyasidan turib barcha fuqarolar va zaxiradagi harbiylarni safga qo‘shilishga chaqirgan. Safarbarlik butun mamlakat bo‘ylab harbiy qismlar, maydonlar va xalq mudofaasi shtablarida o‘tkaziladi.
“Bosh qo‘mondon sifatida men 23-24 avgust kunlari barcha militsionerlar, zaxiradagi askarlar hamda oldinga chiqishni istagan barcha fuqarolar – erkak va ayollar ro‘yxatga olinishi va safarbar etilishi lozim, deb hisobladim. Biz imperializmga qarata tahdidlaringiz yetar deymiz”, degan Maduro.
Ushbu qaror AQSHning Venesuela qirg‘oqlariga harbiy kemalar yuborishi haqidagi xabarlardan keyin qabul qilindi. Vashington bu harakatlarni Donald Tramp ma’muriyatining Lotin Amerikasidagi narkokartellarga qarshi kurash rejasi bilan izohlagan.
“Reuters” manbalariga ko‘ra, Venesuela tomoniga USS Gravely, USS Jason Dunham va USS Sampson kemalari jo‘natilgan bo‘lib, mintaqada AQSH dengiz floti va dengiz piyodalarining 4 mingga yaqin harbiy xizmatchisi jalb qilinadi. Operatsiya bir necha oy davom etishi, xalqaro suvlar va havo hududini qamrab olishi kutilmoqda.
Shuningdek, guruh tarkibiga P-8 razvedka samolyotlari, qo‘shimcha jangovar kemalar va kamida bitta zarba beruvchi suvosti kemasi qo‘shiladi. Manbaga ko‘ra, bu kuchlar nafaqat kuzatuv, balki zarurat tug‘ilganda narkotrafikka qarshi aniq hujumlar uchun ham qo‘llanishi mumkin. Karakas esa bu qadamlarni tajovuz va milliy xavfsizlikka bevosita tahdid sifatida baholagan.
Ma’lumot uchun, 2020 yilda, ya’ni Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida AQSH Maduroni narkoterrorizm va mamlakatga kokain olib kirish maqsadida firibgarlar bilan til biriktirishda ayblagan. O‘shanda Venesuela Prezidentiga nisbatan adolat qaror topishiga olib keladigan ma’lumot uchun AQSH 15 million dollar taklif qilgan.
Qolaversa, 2024 yil 28 iyulda Venesuelada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatning amaldagi Prezidenti Nikolas Maduro g‘alaba qozondi va uchinchi muddatga qayta saylandi. Muxolifatga ko‘ra, Edmundo Gonsales 70 foizdan ortiq ovoz to‘plagan holda g‘alaba qozondi. Muxolifat saylov uchastkalarining 80 foizdan ortig‘ining protokollarini e’lon qildi, bu esa Gonsales saylovda sezilarli farq bilan g‘alaba qozonganini ko‘rsatdi. Maduroni g‘olib deb e’lon qilgan Milliy saylov kengashi esa protokollarni e’lon qilmagan.
Keyinchalik AQSH hukumati prezidentlik saylovi yakunlari “Venesuela xalqining irodasini aks ettirmaydi” deya bayonot berdi. AQSHda g‘olib sifatida muxolifat yetakchisi Edmundo Gonsales Urrutiya tan olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Moliya vazirligi Nikolas Maduroning hibsga olinishiga yordam beradigan ma’lumot uchun 25 million dollar to‘lashi haqida xabar bergandi.