AQSH Karib havzasiga atom suvosti kemasini yubordi

Olam

image

AQSH Qurolli kuchlari Lotin Amerikasi va Karib dengizi suvlariga narkokartellarga qarshi kurashish uchun 4 mingdan ortiq dengiz piyodasi va harbiy dengizchilarni jo‘natmoqda. Bu haqda Pentagondagi manbalarga tayanib, CNN xabar berdi.

Manbalardan birining aytishicha, dengiz piyodalari joylashtirilishi uch haftadan beri davom etayotgan keng ko‘lamli harbiy kuchlarning qayta dislokatsiyasi doirasida amalga oshirilmoqda.

“Missiya doirasida AQSH Qurolli kuchlari Janubiy qo‘mondonligiga atom zarbasi beruvchi suvosti kemasi, qo‘shimcha P8 Poseidon razvedka samolyoti, bir nechta esminets va raketa kreyseri topshiriladi”, deyiladi xabarda.

Yana bir manbaning bildirishicha, bu choralar mamlakat milliy xavfsizligiga “maxsus belgilangan narkoterroristik tashkilotlar”dan kelayotgan tahdidlarni bartaraf etishga qaratilgan. Hozircha AQSHning bu harakatlari ko‘proq demonstrativ tusda bo‘lib, ular kartellarga zarba berish emas, balki signal berish uchun amalga oshirilmoqda.

Telekanal xabariga ko‘ra, ba’zi harbiylar xavotir bildirmoqda, chunki dengiz piyodalari noqonuniy giyohvand moddalar savdosini to‘xtatish bo‘yicha maxsus operatsiyalarni o‘tkazishga tayyor emas.

Ma’lumot uchun, joriy yilning yanvar oyida AQSH Prezidenti Donald Tramp inauguratsiya nutqida AQSH narkokartellarni “terroristik tashkilotlar” deb hisoblashini ma’lum qilgandi. Uning prezidentlikka kirishishidan avval ham ma’muriyatidagi yuqori martabali vakil bu qadam Trampning ichki xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha missiyasini amalga oshirish uchun “yangi imkoniyatlar ochishini” bildirgan. Siyosatchi kartellar faoliyatini butunlay yo‘q qilish niyatida va shu maqsadda FQB xodimlari ishtirokidagi maxsus guruhlarni tuzishni rejalashtirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meksikada narkokartellar o‘rtasidagi qonli to‘qnashuvlar tufayli 20 kishi o‘ldirilgani, ularning to‘rttasi boshsiz holda ko‘prikka osilgan holda topilgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Karib dengizi Lotin Amerikasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing