Venesuela Prezidenti Putindan xat oldi
Olam
−
22 noyabr 11132 2 daqiqa
Bugun, 22 noyabr kuni Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan tug‘ilgan kuni munosabati bilan tabrik xati oldi. Bu haqda Venesuela Tashqi ishlar vaziri Ivan Xil o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, ushbu maktub ikki davlat o‘rtasidagi “munosabatlarning strategik xarakteri”ni tasdiqlaydi va Maduorning Venesuelani boshqarishdagi yetakchilik rolini qayd etadi.
“Biz bu birodarlik va birdamlik ifodasini qadrlaymiz”, deydi Tashqi ishlar vaziri.
Shuningdek, u Venesuela Prezidenti nomidan Karakasning Moskva bilan birgalikda xavf-xatarlardan xoli dunyo barpo etishga sodiqligini bildirgan.
Qayd etish joiz, hozirda Venesuela va AQSH o‘rtasida munosabatlar keskin yomonlashgan. Ushbu vaziyat fonida joriy yilning 31 oktyabr kuni The Washington Post gazetasi Maduro Putindan yordam so‘rab xat yo‘llagani haqida xabar bergan. Xatda Venesuela yetakchisi Rossiyadan mamlakatga raketalar va mablag‘ berishni, shuningdek, samolyotlarni ta’mirlashni so‘ragan.
Keyinroq esa “Politico” o‘z manbalariga tayanib, AQSH Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroni Rossiyaga qochishga majbur qilishi mumkinligi haqida yozdi. Manbalarga ko‘ra, Donald Tramp ma’muriyati Nikolas Maduro hokimiyatdan ketishi va mamlakatni tark etishi mumkin bo‘lgan ssenariyni muhokama qilmoqda. Oq uy amaldorlarining aytishicha, unga Rossiyaga ixtiyoriy surgun sifatida borishga “yashil chiroq” berilishi ehtimoli ko‘rilmoqda. Shuningdek, Turkiya yoki Kuba variantlari ham ko‘rib chiqilmoqda. Biroq AQSH Prezidentining ayrim maslahatchilari Maduroga mamlakatdan chiqib ketishga ruxsat berish o‘rniga uni qo‘lga olish va AQSHda sud qilish tarafdori.
Live
Barchasi