Venesuela AQSHni mamlakatda davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rayotganlikda aybladi
Olam
−
15 Sentabr
3555Venesuelada davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanib, kecha, 14 sentyabr kuni olti nafar xorij fuqarosi hibsga olindi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Venesuela rasmiylari AQSH hukumati mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishda ishtirok etganiga ishonch bildirgan. Hibsga olinganlar orasida AQSHning uch fuqarosi, ikki nafar Ispaniya fuqaroligi va bir nafar Chexiya fuqarosi bor. Venesuela ichki ishlar vaziri Diosdado Kabelloga ko‘ra, xorijliklar go‘yoki mamlakat rahbari Nikolas Maduro va uning hukumatiga qarshi “zo‘ravonlik harakatlari” tayyorlagan. Huquq-tartibot idoralari gumonlanuvchilardan Amerikada ishlab chiqarilgan 400 dan ortiq miltiqlarni olib qo‘ygan.
“Biz bilamizki, AQSH hukumati bu ishga aloqador”, degan vazir Kabello.
Vazir, shuningdek, to‘ntarishni rejalashtirishda Amerika va Ispaniya razvedka xizmatlari, shuningdek, Venesuela muxolifati ishtirok etganini ham ta’kidladi.
AQSH Davlat departamenti vakili Venesuela rasmiylarining barcha ayblovlarini rad etib, ularning mutlaqo yolg‘on ekanini bildirgan. Shu bilan birga, Amerika tomoni Venesuelada amerikalik harbiy xizmatchining hibsga olinganini tasdiqlagan. Ammo qolgan yana ikki amerikalikning hibsga olinishi bo‘yicha hech narsa aytilmagan.
Karakas va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar iyul oyi oxirida bo‘lib o‘tgan Venesueladagi prezidentlik saylovlaridan keyin keskinlashgan. Xalqaro tanqidlar va muxolifatning ovozlarni soxtalashtirishda ayblashiga qaramay, Nikolas Maduro g‘olib deb e’lon qilindi. Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi Maduroning qonuniyligini tan olishdan bosh tortdi va mamlakatda saylovlarning haqiqiy natijalarini e’lon qilishni talab qilib, ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi.
Ushbu namoyishlar oqibatida kamida 27 kishi halok bo‘lgan, yana 192 kishi jarohatlangan. 2400 ga yaqin odam hibsga olingan. G‘arb davlatlari saylovda g‘alaba qozonishiga ishongan muxolifat nomzodi Edmundo Gonsales Venesueladan Ispaniyaga qochishga majbur bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro AQSHni mamlakat ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirgandi. Maduro, shuningdek, AQSHni Gaiti va Ekvadordagi ssenariyni Venesuelada takrorlashga urinayotganlikda ayblagandi.
LiveBarchasi