Vaziyat bundan ham murakkab bo‘lishi mumkin – Mirziyoyev

Jamiyat

Avval xabar berganimizdek, bugun, 3 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda davlat rahbari odamlarni yana bir bor ogohlikka chaqirdi. 

“Ommaviy axborot vositalari va ro‘znomalarda dunyoda nimalar bo‘lyapti va O‘zbekistonda nima bo‘lyapti – hammangiz ko‘rib turibsiz. Shunga qaramasdan men yana bir marta xalqimizga murojaat qilmoqchimanki, vaziyatni qo‘ldan boy bersak, jilovlamasak, qattiqqo‘l bo‘lmasak, vaziyat keskinlashib boraveradi. Bugungi kunda butun dunyo, insoniyat murakkab davrni boshdan kechirmoqda. Hammamiz bunga guvoh bo‘lib turibmiz”, deydi davlat rahbari. 

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab koronavirusga chalinganlar 1 056 777 nafarni tashkil etmoqda. Bugungacha ushbu kasallikdan 55 781 kishi vafot etdi. 221 595 kishi sog‘aydi. Ayni vaqtda AQSH, Ispaniya, Italiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Shveysariya kabi rivojlangan mamlakatlar koronavirus o‘chog‘i bo‘lib qolmoqda. Ular qatoriga esa mintaqa mamlakatlaridan Turkiya qo‘shilib bormoqda. Davlat rahbari xorijiy mamlakatlarda ro‘y berayotgan voqealarga asoslanib, O‘zbekistonda bu kasallikning jilovini tutish nechog‘lik zarur ekaniga to‘xtaldi. 

“Mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilyapti. Maxsus komissiyamiz 24 soat ish tizimiga o‘tganiga hammangiz guvoh bo‘lyapsiz. Mana shunday og‘ir paytda hammamiz o‘zimizning dunyoqarashimizni o‘zgartirib, avvalambor o‘zimiz namuna bo‘lishimiz kerak. Vaziyat bundan ham murakkab bo‘lishi mumkin. Mana shunga tayyorgarlik qilishimiz kerak. Hammamiz! Dunyoni ko‘ryapsiz nimalar bo‘lyapti. Salgina jilovni qo‘yib yuborgan joyda qanday oqibatlar bo‘lyapti. Misli ko‘rinmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Meni ko‘chamda, meni mahallamda, meni tumanimda, bizni viloyatimizda yo‘q degan odam xato qiladi. Men buni uchinchi marta qaytaryapman”, deydi Prezident. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar 221 nafarga yetdi. Ularning 25 nafari davolandi, 2 nafari vafot etdi.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

372

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing