Vazirlik va idoralarning rahbar o‘rinbosarlari soni qisqartirildi
Jamiyat
−
29 Oktabr
12380O‘zbekistonda ijro etuvchi hokimiyat organlarining shtat birliklari soni muvofiqlashtirildi. Prezidentning shu haqdagi tegishli farmoni joriy yilning 22 oktyabr kuni qabul qilindi.
Unga muvofiq ayrim hujjatlarga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi:
- ayrim respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining shtat birliklari sonini muvofiqlashtirish;
- iqtisodiy kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning rahbar o‘rinbosarlari sonini qisqartirish.
Farmon bilan:
- vazirliklar (21 ta), qo‘mitalar (14 ta), agentliklar (26 ta) va inspeksiyalarning (9 ta) yagona ro‘yxati (jami 70 ta) tasdiqlandi;
- respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari jami boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 53 ming 560 ta etib belgilandi.
Shundan:
- davlat byudjeti hisobidan – 49 ming 105 ta;
- byudjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan – 4455 ta.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi hamda Mudofaa sanoati agentligining shtat birliklari alohida normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilanadi.
Shuningdek, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari boshqaruv apparati xodimlarining cheklangan soni 868 ta etib tasdiqlandi. Bunda viloyatlar 3 toifaga bo‘lingan bo‘lib (61 tadan 70 tagacha shtat birligi), Toshkent shahriga (105 ta shtat birligi) toifadan tashqari qo‘shimcha shtatlar ajratildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq vazirliklarda shtatlar soni qisqartirilishi byudjetning qancha mablag‘ini tejashi xabar qilingandi.
LiveBarchasi