Vazirlik o‘z bayonotini rad etdi: piyoda yurganlarga pul berish to‘xtatilmagan

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekistonda eng ko‘p piyoda yurganlarga pul to‘lab berish to‘xtatilgani haqida xabar bergan edik. Bunga Turizm va sport vazirligi Matbuot xizmatining ma’lumoti sabab bo‘lgandi.

Biroq, vazirlik aholini kunlik yurish va yugurishga targ‘ib qilish bo‘yicha “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi 1hls.uz mobil ilovasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berib, uning faoliyati to‘xtatilmaganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, vazirlik tomonidan piyoda yurganlarga pul to‘lash bekor qilingani to‘g‘risidagi xabar axborot xizmati xodimi tomonidan berilgan asossiz va tasdiqlanmagan ma’lumot bo‘lgan. Shu bois, aholi orasida bu borada tushunmovchilik paydo bo‘lgan.

Xabarda ta’kidlanishicha, ushbu platforma O‘zbekiston Prezidentining “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining "Sog‘lom turmush tarzi" platformasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq yo‘lga qo‘yilgan.

Ma’lum qilinishicha, mazkur platforma bo‘yicha joriy yilning 10 iyunidan 13 sentyabriga qadar bir sutka davomida o‘n ming va undan ortiq qadam yurgan 18 yosh va undan yuqori yoshdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining platformadagi elektron hamyoniga jami 9,4 mlrd so‘m mablag‘lar to‘lab berilgan.

Shu bilan birga, har oyda har bir tuman (shahar) bo‘yicha eng ko‘p piyoda yurgan shaxsga - 300 ming so‘mdan, har bir hudud bo‘yicha eng ko‘p piyoda yurgan shaxsga - 500 ming so‘m, respublika bo‘yicha eng ko‘p piyoda  yurgan shaxsga qo‘shimcha ravishda 1 mln so‘m mablag‘ foydalanuvchilarning elektron hamyoniga o‘tkazib berildi. Joriy yilning iyun-avgust oylari davomida esa jami 206,7 mln so‘m mablag‘ foydalanuvchilar elektron hamyoniga o‘tkazib berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

piyoda yurish

Baholaganlar

374

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing