Vazir Ozodbek Nazarbekov MCHJ ta’sischisi ekani aniqlandi
Madaniyat-san’at
−
31 may 2023
35998O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov 2016 yilda tashkil etilgan “Koba san’at majmuasi” MCHJga 100 foizlik ulush bilan ta’sischi bo‘lib kelgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rganish ishlarini o‘tkazgan. Natijada haqiqatdan ham O.Nazarbekovning 2016 yil 16 martda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Koba san’at majmuasi” MCHJning 100 foizlik ulush bilan ta’sischisi ekanligi aniqlangan.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari”da davlat xizmatchilari ishdan tashqari vaqtda tadbirkorlik yoki haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan (pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari) shug‘ullanmasligi belgilangan.
Shu va boshqa qonunchilik hujjatlariga rioya qilgan holda yuqoridagi holat bartaraf etilib, “Koba san’at majmuasi” MCHJ ta’sischisi o‘zgartirilgan.
Shuningdek, kecha, 30 may kuni Madaniyat va turizm vazirligiga kelgusida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa qonunosti hujjatlariga qat’iy rioya qilinishini hamda vazirlik faoliyatida ochiqlik va shaffoflik, raqobat va xolislik hamda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplariga rioya qilinishini ta’minlash choralarini ko‘rish yuzasidan taqdimnoma kiritilgan.