“Vasvasagen”: Toshkentdagi maktablarda yoppasiga niqob taqish buyurildimi?
Jamiyat
−
30 Oktabr 2025 3817 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida mavsumiy o‘tkir respirator kasalliklar va gripp avj olgani, buning ortidan aholi yoppasiga dorixonalarga borayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Shuningdek, bugun, 30 oktyabrdan boshlab poytaxtdagi maktablarda tibbiy niqob taqish tartibi joriy etilishi haqida ham xabarlar urchimoqda. Mazkur holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov munosabat bildirdi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu masala noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Avvalo, ularda O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining shu yil 26 sentyabrdagi qarori asos qilib ko‘rsatilyapti. Hujjat sanasiga e’tibor bering: u sentyabr oyida imzolangan. Aslida, har yili mavsumiy o‘tkir respirator kasalliklar va gripp avj olishidan oldin bu kabi qarorlar qabul qilinib, joylardagi muassasalarga tegishli tavsiyalar berib kelinadi”, deydi u.
Bildirilishicha, qarorda epidemik vaziyat murakkablashganda tibbiy niqob taqish belgilangan. Hozir epidemik vaziyat barqaror, shunday ekan, maktablarda yoppasiga niqob taqish zarurati yo‘q. Agar guruhda kasallangan bolalar bo‘lsa, o‘sha bemor bilan muloqotga kirishish ehtimoli bor joylardagina niqob taqish tavsiya etiladi.
“Havo-tomchi yo‘li bilan yuqadigan kasalliklarda imkon qadar ijtimoiy masofa saqlash va muloqot davrida niqobda bo‘lish maqsadga muvofiq. Hujjatda aytib o‘tilgan tibbiy niqob taqish tartibi joylarda vaziyatga qarab hal qilinadi. Buni zinhor yoppasiga shunday tartib joriy qilinyapti, deb talqin qilmaslik kerak”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, mazkur qarorga joylardagi epidemik vaziyat qay darajada murakkab yoki murakkab emasligidan kelib chiqib, tegishli chora qabul qilish uchun mo‘ljallangan odatiy hujjat sifatida qaralishi zarur.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda bolalar orasida mavsumiy o‘tkir respirator virusli kasalliklarga o‘xshash, lekin ich ketish va qayt qilish simptomlari bo‘lgan infeksiya tarqalayotgani bilan bog‘liq xabarlar tarqalgandi. Biroq holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi munosabat bildirib, bu xabarlarni rad etdi.
Live
Barchasi