Vasiliy Lomachenkoning navbatdagi raqibi va jang manzili aniq bo‘ldi

Sport

image

Professional boksning yengil vazn toifasida janglarda ishtirok etadigan ukrainalik Vasiliy Lomachenko navbatdagi jangini Amerika Qo‘shma Shtatlari vakili Jemeyn Ortisga qarshi o‘tkazadi. Bu haqda “Top Rank” promouterlik kompaniyasi saytida xabar berildi.

Qayd etilishicha, jang shu yilning 29 oktyabr kuni Nyu-York (AQSH) shahri, Madison Square Garden'dagi “Hulu” teatrida bo‘lib o‘tadi.

34 yoshli Lomachenko 2021 yilning 12 dekabrida Richard Kommini hakamlarning yakdil qaror bilan mag‘lubiyatga uchratgan edi. Vasiliy o‘shandan beri ilk marta ringga qaytadi.

Aka-uka Vitaliy va Vladimir Klichkolardan keyin Lomachenko va Aleksandr Usik Ukraina boksining ustuni bo‘lib turibdi. Vasiliy yengil vazn toifasida WBA, IBF va WBO chempionlik kamarlarining sobiq egasi hisoblanadi. U 2020 yilning 17 oktyabrida Teofimo Andres Lopesga qarshi mutloq chempionlik jangida ishtirok etgan va ko‘pchilik uchun kutilmaganda mag‘lubiyatga uchragan. Lopes Lomachenkoga qarshi revansh jangi o‘tkazishdan qochdi. Biroq, Teofimo birinchi himoya jangidayoq Jorj Kambososga imkoniyatni boy bergan va chempionlik kamarlaridan u ham ayrilgan.

Lomachenkoning havaskor boksdagi faoliyati ham muvaffaqiyatli bo‘lgan. U Pekin-2008 va London-2012 olimpiadalarida oltin medalni yutgan. Vasiliy professional boksga o‘tgach, muxlislar orasida tezda shuhrat qozongan. Sababi uning texnikasi boshqalarnikidan doimo ajralib turgan.

Ma’lumot uchun, ukrainalik jangchi professional boksda umumiy hisobda 18 ta jang o‘tkazib, shulardan 16 tasida g‘alaba qozongan. Uning hisobida 2 ta mag‘lubiyat ham bor.


Maqola muallifi

Teglar

Vasiliy Lomachenko

Baholaganlar

18

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing