Vashingtonda qulagan samolyotning “qora quti”si topildi
Olam
−
31 yanvar 4782 3 daqiqa
Vashington shahridagi aeroport yaqinida harbiy vertolyot bilan to‘qnashib ketgan American Airlines aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti qulagan joyda bugun, 31 yanvar kuni “qora qutilar” topildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Tergovchilar vayronalar orasidan samolyot kabinasining ovoz yozish qurilmasi va parvoz ma’lumotlarini yozish moslamasini topdi. Aeroportga yaqinlashayotganda yuz bergan to‘qnashuvdan so‘ng uch qismga bo‘lingan samolyot va bortida uch nafar askar bo‘lgan vertolyot Potomak daryosiga qulagan. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, 40 kishining jasadi suvdan olib chiqilgan.
Parvoz qayd qiluvchi qurilmalar halokatni tekshirayotgan Milliy transport xavfsizligi boshqarmasi laboratoriyasiga yetkazildi. U bir oy ichida dastlabki natijalarni e’lon qilishga va’da berdi. Rasmiylar aviahalokatga aviadispetcherlarning yetishmasligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Ma’lumot uchun, 29 yanvar kuni AQSH poytaxtida Bombardier CRJ700 yo‘lovchi samolyoti qo‘nish vaqtida Sikorsky H-60 (Black Hawk) harbiy vertolyoti bilan to‘qnashib, Potomak daryosiga qulab tushdi. Mahalliy nashrlarning American Airlines aviakompaniyasidagi manbalariga tayanib xabar qilishicha, qulab tushgan samolyot bortida 60 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Keyinchalik kompaniya ekipaj tarkibida ham to‘rt kishi bo‘lganini ma’lum qilgan. AQSH Federal fuqaro aviatsiyasi boshqarmasiga ko‘ra, Bombardier CRJ700 yo‘lovchi samolyoti Kanzas shtatidagi Uichito shahridan Vashingtonga muntazam reysni amalga oshirayotgan bo‘lgan. Kuzatuv kamerasidan olingan videoda past parvoz qilayotgan samolyotning Ronald Reygan nomidagi aeroportga qo‘nishga urinayotgani, boshqa havo kemasi bilan to‘qnashuvi va shundan so‘ng portlash yuz bergani aks etgan.
Rasmiy xabarga ko‘ra, ikkinchi havo kemasi harbiy Sikorsky H-60 vertolyoti bo‘lgan. “Reuters” vertolyot bortida uch nafar harbiy bo‘lganini xabar qilmoqda. Ronald Reygan nomidagi aeroport Oq uy va Kapitoliydan taxminan to‘rt kilometr janubda joylashgan. Potomak – kengligi bir necha yuz metr va chuqurligi bir necha metr bo‘lgan yirik daryo. AQSH Prezidenti Donald Tramp qisqa bayonot bilan chiqib, halokat va qutqaruv operatsiyasi haqida barcha ma’lumotlarni olayotganini ma’lum qildi. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Potomak daryosidagi suv harorati hozirda Selsiy bo‘yicha taxminan 1,6 darajani tashkil qilmoqda. Bunday sovuq suvda bo‘lish uch daqiqa ichida oyoq-qo‘llarning harakatchanligini yo‘qotishiga olib kelishi mumkin. Bunday sharoitda suvdagi odamning omon qolish imkoniyati 30 daqiqadan 1,5 soatgacha davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq amerikalik qutqaruvchilar Vashingtondagi Ronald Reygan aeroporti yaqinida American Airlines aviakompaniyasiga tegishli samolyot va harbiy Black Hawk vertolyoti to‘qnashuvi oqibatida halok bo‘lgan 40 kishining jasadini topgandi. Halok bo‘lganlar orasida 1994 yilgi figurali uchish bo‘yicha jahon chempionlari Vadim Naumov va Yevgeniya Shishkova, shuningdek, SSSR chempionatining bronza sovrindori Inna Volyanskaya ham bo‘lgan.
Live
Barchasi