Vashington tayyor. AQSH Rossiya va Xitoy bilan afg‘on inqirozini hal qilmoqchi
Olam
−
26 Oktabr 2021
5010Rasmiy Vashington Afg‘oniston bilan bog‘liq masalalarda Moskva va Pekin bilan konstruktiv maslahatlashuvlar o‘tkazishi mumkin. Bu haqda bugun, 26 oktyabr kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan brifingda AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan ma’lum qildi.
“O‘ylaymanki, biz har ikki davlat bilan konstruktiv muloqot olib borishimiz mumkin”, deydi Sallivan Rossiya va Xitoyni nazarda tutib.
Foto: Jeyk Sallivan
Uning so‘zlariga ko‘ra, “bu biroz qiyinroq bo‘ladi”, chunki Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Szinpin Rimda bo‘lishi kutilayotgan G20 sammitida shaxsan ishtirok etish niyatida emas.
“Ammo biz Rossiya va Xitoy bilan bu yo‘nalishda o‘zaro hamkorlik qilishimiz mumkin bo‘lgan boshqa formatlar ham bor, jumladan, turli mintaqaviy uchrashuvlarda”, deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I Qatar poytaxti Dohada “Tolibon”ning yetakchilaridan biri Abdul G‘ani Barodar bilan uchrashuv chog‘ida AQSH va G‘arb davlatlarini Afg‘onistonga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi.
Qayd etish kerakki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham G‘arb davlatlarini Afg‘onistonning muzlatilgan hisoblarini ochishga chaqirgandi.
“Tolibon” Afg‘oniston hokimiyatini egalladi
Ma’lumot uchun, joriy yilning 15 avgust kuni mamlakatda hokimiyatni egallagan toliblar, 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligini tuzdi. Joriy yilning 6 sentyabr kuni “Tolibon”ga bo‘ysunmay turgan yagona viloyat – Panjsher egallangach, 7 sentyabr kuni harakat rahbarlari muvaqqat hukumatni shakllantirdi.
Qayd etish kerakki, toliblar Afg‘onistonda hokimiyatga kelgach, chet davlatlar hamda xalqaro tashkilotlardan kelayotgan yordam to‘xtab qoldi. Bundan tashqari, minglar afg‘onlar vatanini tark etdi va bu jarayon hali ham davom etmoqda. Toliblarni Afg‘onistonda tarafdorlari ko‘pligiga shubha yo‘q, biroq ular hokimiyatga kelgach ko‘plab qiyinchiliklarga uchramoqda. Ayniqsa, moliyaviy tomondan yo‘qotishlar katta.
Shunday bir davrdan jahon hamjamiyati Afg‘onistonni bee’tibor qoldirmoqchi emas. Bunday xatoga dunyo yetakchilari avval yo‘l qo‘ygan. Buning oqibatlari ayniqsa AQSHning esidan chiqmaydi. Afg‘oniston terrorchi guruhlar uyasiga aylanmasligi uchun jahon yetakchilari “Tolibon” bilan ishlamoqchi, hatto ushbu harakat BMT tomonidan terrorchilik tashkiloti, deb tan olingan bo‘lsa ham.
LiveBarchasi