“Afg‘onistonni falokat kutmoqda”. BMT 23 mln afg‘on qirilib ketishidan ogohlantirdi
Olam
−
26 Oktabr 2021
10271Afg‘onistonning 23 million aholisi ochlik oqibatida halok bo‘lishi mumkin. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda Butunjahon oziq-ovqat dasturi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot shunday natija ko‘rsatgan.
“Agar shoshilinch choralar ko‘rilmasa, noyabr oyida Afg‘onistonga keng ko‘lamli ochlik xavf soladi, mamlakat aholisining yarmi, deyarli 23 mln kishi o‘tkir oziq-ovqat yetishmovchiligiga duch keladi. Bu dunyodagi eng yomon gumanitar inqirozni boshdan o‘tkazayotgan ushbu mamlakat uchun navbatdagi qayg‘uli rekord”, deyiladi BMT xabarida.
Ta’kidlanishicha, tadqiqot mualliflari o‘z xulosalarini qator omillarga tayanib chiqargan: qurg‘oqchilik, mojaro, pandemiya va iqtisodiy inqiroz.
“Oldinda sovuq qish turibdi, gumanitar tashkilotlar Afg‘onistonning ayrim hududlariga yetolmay qoladi. Har ikkinchi afg‘onni BMT tasnifiga ko‘ra uchinchi va hatto to‘rtinchi darajali inqiroz holatida deb ta’riflash mumkin bo‘lgan vaziyatga tushib qoladi. Oziq-ovqat yetkazishni ta’minlash va odamlarning hayotini saqlab qolish uchun xalqaro hamjamiyatning shoshilinch aralashuvi zarur, aks holda Afg‘onistonni gumanitar falokat kutmoqda”, deyiladi tadqiqotda.
FAO bosh direktori Syuy Dunyuyga ko‘ra, qish kelib, Afg‘onistonning katta qismiga borish murakkablashmasidan zudlik bilan yordam ko‘rsatish kerak.
“Aks holda, millionlab odamlar, jumladan fermerlar, ayollar, kichik yoshdagi bolalar va qariyalarni sovuq va ochlik kutmoqda. Gap hayot-mamot haqida bormoqda. Biz qo‘limizni qoshuvtirib, ko‘z oldimizda fojia yuz berayotganiga kuzatuvchi bo‘lmasligimiz kerak”, deya ta’kidlagan Syuy Dunyuy.
Butunjahon oziq-ovqat dasturi rahbari Devid Bislining ta’kidlashicha, Afg‘onistonda dunyodagi eng yomon iniqirozli vaziyat yuzaga keldi.
“Balki bu eng yomon inqirozdir. Bu qishda millionlab afg‘onlar migratsiya yoki ochlikdan o‘lim o‘rtasidagi tanlov oldida turibdi. Yagona yo‘l – yordam hajmini oshirish va Afg‘oniston iqtisodiyotini jonlantirish”, degan u.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyidan buyon Afg‘onistonda oziq-ovqat yetishmovchiligiga uchrayotgan aholi soni 37 foizga oshgan. Maxsus xavf guruhida besh yoshgacha bo‘lgan 3,2 million bola bor. Ularga o‘lim xavf solmoqda.
Afg‘onistonda ilgari asosan qishloq aholisi jabr ko‘rgan bo‘lsa, bugun shaharliklar ham ayanchli ahvolga tushgan. Bundan tashqari, ommaviy ishsizlik o‘rta sinfni qashshoqlashtirishi va ochlikni yanada kengaytirishi mumkin. Dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi 7,3 mln qishloq aholisi ketma-ket to‘rtinchi yil qurg‘oqchilikdan aziyat chekmoqda.
BMTning Afg‘oniston bo‘yicha gumanitar dasturi uchun kerakli mablag‘ning uchdan bir qismi yig‘ilgan. Shu sababdan tashkilot homiylarni mablag‘ ajratishga chaqirgan. Butunjahon oziq-ovqat dasturi 23 mln kishiga yordam ko‘rsatmoqchi. Buning uchun esa 220 mln dollar kerak.
FAO mamlakat aholisining 70 foizini tashkil etuvchi fermerlar va chorvadorlarga hayotiy yordam bermoqda. Bu yil 3,5 million kishi yordam oladi. Shu va boshqa favqulodda operatsiyalar uchun FAO joriy yilda qo‘shimcha 11,4 million dollar va 2022 yilda oyiga 200 million dollar talab qiladi.
LiveBarchasi