O‘zbekistonda boshqa davlatlar “yumshoq kuchi”ning ta’siri oshib bormoqda
Tahlil
−
20:00
4492Putin Ostona minbaridan turib yana rus tili haqida gapirganini eshitdingizmi? Yaqinda, ya’ni 27 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan Ostonaga kelgandi. Asosiy maqsadi Kollektiv xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazish, ishtirokchi davlatlar bilan mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik masalalarini muhokama qilish bo‘lgan tashrif davomida Putin davlat tili qoziqcha, turkiy bo‘lgan Qozog‘istonni deyarli rusiyzabon davlat deb atadi.
“Afsuski, nima qilish va qanday qilish kerakligi haqida o‘z fikriga ega va davom etayotgan jarayonlarni tanqid ostiga oladigan odamlar juda ko‘p. Rossiyada ham, Qozog‘istonda ham. Va bu tanqid har doim ham davlatlar, jumladan, Rossiya davlati manfaatlariga mos kelmaydi. Bu har doim ham foydali emas. Menimcha, bu aloqalarni rivojlantirish uchun hamma narsa qilish kerak. Lekin hech qanday holatda munosabatlarimizni buzadigan qadamlar qo‘ymasligimiz kerak”, deydi u.
O‘zi umuman, hech sezganmisiz? Putin yoki Rossiyaning boshqa bir mulozimi qachon, qayerga, qaysi mavzudagi uchrashuvlarga bormasin, albatta rus tili haqida gapirmay qaytmaydi. Yoki Rossiya va Markaziy Osiyoning umumiy tarixi bor degan gap bunday majlislarda bir marta bo‘lsa ham aytilmasa hisobmas. Ammo nega?
Masalan, Putin Qozog‘istonda rus tilini maqtab yotgan bir paytda “Rossotrudnichestvo” O‘zbekistonda dekabrdan boshlab G‘alabaning 80 yilligi bayramiga tayyorgarlik boshlashini aytib qoldi. Toshkentda Agentlikning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Irina Staroselskayaning aytishicha, yubiley doirasida “Xotira bog‘i”, “Xotira shami”, “G‘alaba maktubi” kabi an’anaviy aksiyalar o‘tkaziladi. 9 may kelishiga 6 oy avvaldanoq tayyorgarlik ko‘rishga Rossiyani nima majbur qilyapti?
Usiz ham O‘zbekistondagi eng ko‘p xorijiy ta’lim markazlariga egalik qiluvchi va hatto O‘zbekistonda diplomatlar tayyorlovchi Rossiya bu yerda yana ikki ta’lim markazini ochishni rejalashtirmoqda. Maqsad?
Bugungi videoda yumshoq kuch, ayni paytda Ukraina bilan urush olib borayotgan Rossiyaning Markaziy Osiyodagi boshqa bir kurashi – til, tarix, ta’lim siyosati va unga boshqa davlatlarning reaksiyasi, qarshi kurashi, umuman olganda Markaziy Osiyo mamlakatlarining til kurashlari maydoniga aylanib borayotgani haqida gaplashamiz.
Yumshoq kuch
Davlatlar dunyo miqyosida o‘z manfaatlarini ilgari surish uchun ikki xil siyosatdan foydalanishadi. Hard Power – Qattiq kuch hamda Soft Power – “Yumshoq kuch”.
“Qattiq kuch”da mamlakatlar o‘z manfaatlarini xizmat qiluvchi ishlarni boshqa davlatlarga turli vositalar orqali majburlash, sanksiyalar, qurolli to‘qnashuvlar, yoki katta urushlar orqali amalga oshirishdir. Undan farqli o‘laroq “Yumshoq kuch” bu bir davlat o‘z manfaatlarini boshqalarning manfaat va istaklariga aylantirishi, o‘zi xohlagan narsaga boshqalarni majburlab, bosim qilib emas, qiziqtirish orqali erishishishidir. Bunda bir mamlakat ikkinchisiga taklif qilgan g‘oya oxir oqibatda yana birinchisining manfaatiga xizmat qiladi.
XX asr oxirigacha xalqaro siyosatda “hard powyer”, ya’ni “qattiq kuch” asosiy rol o‘ynagan bo‘lsa, XXI asrga kelib “soft powyer”, ya’ni “yumshoq kuch” asosiy o‘ringa chiqib ulgurdi. Bugun har qanday davlatda, u xoh AQSH bo‘lsin, xoh boshqasi boshqalarga ta’sir o‘tkazish kuchi cheklangan. Shunday ekan, “yumshoq kuch”ning ahamiyati oshayotgani bejiz emas”, degan siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov.
Bunda mamlakatlar asosan yumshoq kuch sifatida o‘z tili, madaniyati, tashqi siyosati, stort, ta’lim kabi yonalishlardan foydalanadi. Ular orasida eng ommabopi va natijadori til.
Rossiya. Rus tili
Rossiya rus tilidan tashqi siyosatda “yumshoq kuch” sifatida foydalanishini hech qachon yashirmagan. Masalan, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov rus tili Rossiyaning juda ta’sirchan, kuchli yumshoq kuchi ekanini tan olgan.
“Albatta, rus tilidek buyuk mo‘’jiza bizning juda kuchli yumshoq kuchimizdir. Bu juda foydali, ochiq, ijobiy yumshoq kuch. Albatta, biz do‘st bo‘lgan mamlakatlarda rus tili kurslarini tashkil qilamiz. Markaziy Osiyo, Ozarbayjon, Armanistonda rus maktablari, jumladan, bizning Ta’lim vazirligi dasturlari, Rossiya oliy o‘quv yurtlari filiallari asosida tashkil etilgan”, degan Lavrov.
Darhaqiqat, bu tilni boshqa mamlakatlarga yoyish uchun mamlakat deyarli hamma narsaga tayyor. Bu til haqida kimdir, nimadir deb tanqid aytadigan bo‘lsa bormi ehhe, unga naq Rossiya Tashqi ishlar vazirligidan javob qaytadi. U tilni cheklashga urinishlar Rossiya tomonidan kechirilmaydi va hatto urushgacha borishi ham mumkin. Bu tilni boshqa mamlakatlarga targ‘ib qilishni mamlakatning prezidentidan tortib kichik amaldorigacha yelkasiga olgan. Ular rus tili borasida Markaziy Osiyoga deyarli barcha aytganini qildira oladi. Masalan, joriy yilning 31 oktyabr kuni O‘zbekistonda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kutayotgan hujjatga imzo chekdi. Bu rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilotni ta’sis etish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjat edi. Eng qizig‘i rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilot tuzish g‘oyasini ham Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda 2023 yil 13 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari rahbarlari sammitida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev taklif qilgandi.
Keyinchalik, sammitda MDH davlatlari rahbarlari rus tilini millatlararo muloqot tili sifatida qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib qilish to‘g‘risidagi bayonni hamda “Xalqaro rus tili tashkilotini ta’sis etish to‘g‘risida”gi shartnomani imzolagan. Lekin shu bilan bir yil davomida bu haqida hech kim gapirmay qo‘ygandi.
Ammo shu yilning 8 oktyabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan MDH Davlat rahbarlari kengashida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining barcha davlatlari Xalqaro rus tili tashkilotini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani tez orada ratifikatsiya qilishini kutayotganini aytgandi.
Rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilotni ta’sis etish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi O‘zbekiston Respublikasi qonuni 2024 yil 18 oktyabrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan, 24 oktyabrda Senat tomonidan tasdiqlangan. O‘zbekiston bu qonunga imzo chekkan oxirgi mamlakatlardan edi. Chunki bugungi kunga qadar shartnoma Rossiya, Belarus, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Ozarbayjon tomonidan ratifikatsiya qilib bo‘lingan. 28 noyabr kuni Ostonadagi sammitda Qozog‘iston Xalqaro Rus tili tashkiloti byudjetiga 43 million tenge to‘laydigan ham bldi.
Aslida mazkur tashkilotdan maqsad – rus tilida sifatli ta’limni rivojlantirish bo‘lgan. Bu yo‘lda “Rus tili va adabiyoti” va “Rus tili chet tili sifatida” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qituvchilar va ilmiy kadrlar tayyorlashga ko‘maklashish ushbu sohada mutaxassislar zaxirasini shakllantirish vazifasi qo‘yilgan.
Ammo Putin xohlayotgan asosiy jihat bu usiz ham o‘zaro suhbatlarda muttasil foydalanilayotgan rus tilini rasman davlatlararo muloqot tili belgilash bo‘lgan. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov mazkur sammitga kelar ekan, Rossiyaning maqsadlaridan biri aynan mana shu ekanini yashirmagan. U 12 oktyabr kuni, hali sammit boshlanmasidanoq MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida rus tilining maqomini oshirishni muhokama qilgan edi.
“Tashkilot rus tilini davlatlararo muloqot tili sifatida qo‘llab-quvvatlaydi va targ‘ib qiladi. MDH davlatlarining ushbu masalalarda har tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorligini mustahkamlaydi. Tashkilot faoliyati do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, millatlararo totuvlik, ishonch va o‘zaro hamjihatlik tamoyillariga asoslanadi”, deyilgan tashkilot nizomida.
Ayni paytda o‘z qardoshi hisoblangan ukrainlar bilan urush olib borayotgan Rossiya “millatlararo totuvlik” ta’minlashga va’da beryapti. Ammo bu Rossiyaning rus tili borasidagi yagona siyosati emas. Mamlakat borgan sari til borasida qat’iylashmoqda. Masalan, endi Rossiyaga ishlash maqsadida keladigan migrantlar rus tilini bilishlari shart.
31 oktyabr kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev rus tilini bilmaydigan muhojirlar farzandlarini maktabga qabul qilishni to‘xtatish vaqti kelganini aytdi.
“Ijtimoiy faoliyat joylarida tez-tez muhokama qilinadigan vaziyat mavjud – bu maktablar va boshqa ta’lim muassasalari. Migrantlarning bolalari u yerga rus tilini bilmay boryapti. Bundan umumiy ta’lim darajasi zarar ko‘radi. Buni hamma biladi va buni tugatish vaqti keldi”, degan u davlat migratsiya siyosati bo‘yicha yig‘ilish yakunlari bo‘yicha nutqida.
Rossiyaning til siyosatini bunchalik mahkam ushlashishining sababi nimada? Gap shundaki, Putin qachonlardir Rossiyadan alohidalangan sobiq Ittifoq davlatlarini aynan rus tili orqali qayta birlashtirishga urinadi va buni yashirmaydi ham.
Rossiya kezi kelsa, til kabi “yumshoq kuch” vositasidan “qattiq kuch” sifatida ham foydalanadi. Ayni paytda Ukraina bilan urush olib borayotgan mamlakatning 2022 yil 7 mart sanasida e’lon qilingan “Tinchlik shartnomasi” loyihasida o‘zining qurolli hujumlarini to‘xtatish evaziga “Ukrainada rus tiliga Davlat tili maqomini berishni” shart qilib qo‘ygan.
Rossiyaning tildek “yumshoq kuch” vositasini bunchalik qattiq yuritayotganining, bu mavzuga mahkam tirmashib olganining sababi sifatida esa xalqaro maydonda rus tilining eng ko‘p gaplashiladigan tillar ro‘yxatida 4 o‘rindan 9 o‘ringa tushib qolganidir. Bugun markaziy Osiyodan boshqa davlat fuqarolari rus tilidan xalqaro til sifatida foydalaniishdan chekinyapti.
Ingliz tili
Eng ko‘p gaplashiladigan tillarning birinchi o‘rinida esa ingliz tili. Ingliz tilida gaplashuvchi AQSH va Buyuk Britaniya kabi yirik dunyo davlatlari ham yildan yilga bu tilning rivojlanishi va keng tarqalishi uchun harakat qiladi. Rossiyadan farqli ravishda ular ingliz tilini o‘rganish evaziga dunyoqarash kengayishi, rivojlangan mamlakatlarda qiyinchiliksiz ishlash va yaxshiroq daromad ko‘rish mumkinligini taklif qiladi. Shu bilan birgalikda ular qaysi mamlakatda inliz tili ko‘proq o‘rganilayotganining ham hisobini doimy ravishda yuritib boradi. Ana shunday hisoblardan biri joriy yilning 13 noyabr kuni e’lon qilindi.
2024 yilgi EF English Proficiency indeksiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi ingliz tilini bilish darajasi past mamlakatlar qatoridan joy egalladi. Bu yil O‘zbekiston 114 ta mamlakat orasida 98-o‘rinni egallagan. Bu o‘tgan yilgi natijadan pastroq: 2023 yilda O‘zbekiston 113 ta mamlakat orasida 93-o‘rinda edi. O‘z navbatida, o‘zbekistonliklarning ingliz tilini bilish borasidagi o‘rtacha reyting balli ham 442 dan 439 gacha pasaygan (maksimal ball – 700).
O‘zbekiston 2018 yildan beri ushbu tadqiqotga ishtirok etmoqda. O‘sha yilda O‘zbekiston 88 ta mamlakat orasida 86-o‘rindan joy olgandi. Ushbu tadqiqotda 18 yosh va undan yuqori ishtirokchilar natijalari inobatga olinadi.
Reytingda birinchi o‘rinni o‘tgan yillardagi kabi Niderlandiya egallagan. Dastlabki o‘ntalikka Norvegiya, Singapur, Shvetsiya, Xorvatiya, Portugaliya, Daniya, Gretsiya, Avstriya va Germaniya kirgan. Qo‘shni mamlakatlardan Qirg‘iziston 88-, Afg‘oniston 95-, Qozog‘iston 103- va Tojikiston 109-o‘rinda joy egallagan.
Ammo bu reytingga qaramay Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari ingliz tilini o‘rganishga kuch bermoqda. Odatda bu til davlatlarni rus tili bosimidan qutqarishda variant sifatida ko‘riladi. Masalan, Mo‘g‘uliston maktablarida asosiy xorijiy til sifatida rus tili o‘rnini ingliz tili egallagan.
Joriy yilning iyun oyida esa Zelenskiy Rossiyaga achchiq qilib Ukrainada ingliz tilining maqomini mustahkamlaydigan qonunni imzoladi. O‘zbekistion maktablarida rus tili soatlari haftasiga 2 soat o‘qitilsa, ingliz tili 3 soatdan o‘tiladi. Xullas, boshqa davlatlar imkon qadar rus tili bosimidan qochishga urinmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari esa bunga qancha harakat qilmasin bundan qutilolmayapti. Shu sababli ham ular aynan ingliz tilidan bu yo‘lda foydalanishga harakat qiladi.
Mintaqada kechayotgan til kurashini og‘a-ini davlatlarning o‘zlari ehtimol sezmayotgandir. Ammo dunyo sinchkovlik bilan kuzatyapti, talashyapti. Turkiya ham.
Turkiya. Umumiy turkiy til
Turkiya butun turkiy xalqlarni turkiy til orqali birlashtirishga harakat qilmoqda. Bu maqsad yo‘lida joriy yilning 11 sentyabr kuni Ozarbayjonning Boku shahrida Xalqaro turk akademiyasi va Turk lingvistlari jamiyati tomonidan turkiy davlatlar uchun umumiy alifbo tasdiqlangandi. Jami 34 harfdan iborat bo‘lgan mazkur alifbo loyihasi aslida 33 yil oldin, ya’ni 1991 yilda taklif qilingani va ilk bor barcha turkiy olimlar tomonidan ma’qullangani haqida avval ham gapirganmiz. Ammo 11 sentyabr kungi majlis majlisligicha qolib ketmadi. 6 noyabr kuni ham bu mavzu ko‘tarildi. Ko‘tarilganda ham Qirg‘izistonning Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 11-yig‘ilishida Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an tomonidan tilga olindi. Tashkilotga a’zo besh davlat – Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston shuningdek, tashkilotdagi kuzatuvchi mamlakat – Vengriya davlat rahbarlari ishtirok etgan ushbu sammitda Erdo‘g‘an qardosh mamlakatlarni yagona alifboga tezroq o‘tishga chaqirdi. Uning aytishicha, Ozarbayjon, Turkiya va Shimoliy Kipr bu alifboga o‘tishga tappa tayyor. Erdog‘an boshqa turkiylarning qarorini kutyapti.
“Bu boradagi sa’y-harakatlar va ishlarni kuchaytirish kerak. Barcha qiyinchiliklarni yengib, o‘zaro muammolarni bartaraf etish orqali biz turkiy dunyoning tarixiy urug‘ini birgalikda ekishimiz mumkin. Men bunga ishonaman. Agar biz Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida hamkorlik qilsak, o‘zgarish zarur deb hisoblayman. Turkiya, Ozarbayjon, Shimoliy Kipr yagona turk alifbosiga o‘tishga tayyor. Biz Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Turkmaniston qarorlarini kutmoqdamiz”, dedi Erdo‘g‘an hamkasblariga.
Qozog‘iston Prezidenti Qosim Jo‘mart To‘qayev esa turkiy xalqlar til bilan birlasha olishi uchun ular avvalo axborot makonida birlashishlari kerak degan fikrda. U Turkiy dunyo uchun yagona axborot makonini yaratish maqsadida kabel telekanallarini o‘zaro efirga uzatishni taklif qildi. Bu degani Qozog‘iston telekanallarini O‘zbekistonda, O‘zbekiston telekanallarini esa boshqa turkiy davlatlarda bemalol ko‘rish imkonidir. To‘qayevning fikricha, bu turkiylarni yanada yaqinlashtiradi.
Ammo bu ishlar o‘z o‘zidan bo‘lmaydi. Buning uchun katta pul kerak. Rus tili rivojlanishi uchun million tengelab pul ajratmoqchi bo‘lgan Qozog‘iston ham, yoki boshqa turkiy davlatlar ham o‘z umumiy tillarini rivojlantirish, birlashtirish uchun aniq pul tikmagan. Majlisda Ozarbayjon Prezidenti Aliyev aynan shuni aytdi.
Turkiy tillarda gaplashuvchilarning birlashuvi hatto shu darajaga yetdiki, ular umumiy madhiya ham yaratmoqchi. Xo‘sh, bu tashabbus kimdan chiqdi – yana Turkiya.
Turkiy davlatlar San’at universitetlari ittifoqi raisi va Anqara Musiqa va tasviriy san’at universiteti rektori Erhan O‘zdenning ma’lum qilishicha, bugun turkiy davlatlarni birlashtiruvchi umumiy madhiya yaratish ishlari allaqachon boshlangan. Ushbu madhiyada turkiy xalqlarning boy tarixidan ilhom olingan holda ularning o‘ziga xos madaniyati so‘z va musiqada aks ettiriladi.
Erhan O‘zdenga ko‘ra, madhiya marosimlar uchun yoziladi va u turkiy xalqlarni birlashtiradigan milliy va ma’naviy qadriyatlarni aks ettiradi. Uning so‘zlari va musiqasi mutaxassislar guruhi tomonidan ishlab chiqiladi, bunda barcha uchun tushunarli va mantiqiy so‘zlar tanlanadi.
Qayd etilishicha, Turkiy davlatlar san’at sohasida umumiy va ensiklopedik lug‘at yaratish ustida ham ish olib bormoqda. Ushbu lug‘atda turkiy xalqlar orasida qo‘llaniladigan san’at terminlari jamlanib, kelgusida yagona terminologiya yaratishga xizmat qiladi. Lug‘at turli san’at sohalari uchun alohida boblar sifatida tashkil qilinadi va unda terminlarning kelib chiqishi, turkiy xalqlar madaniyatida qo‘llanilishi ko‘rsatiladi.
Bildirilishicha, lug‘at 1-2 yil ichida, madhiya esa undan oldinroq tayyor bo‘lishi kutilmoqda.
Xo‘sh, bularning barchasiga, turkiy tillarni rivojlantirish, alifbo, madhiya, lug‘atlarga nima ehtiyoj bor dersiz. Gap shundaki, bugun alifbosiyu, tilini birlashtirishga urinayotgan, o‘zlarini turkiylar naslidanmiz deb kerildigan turkiy xalqlar hali ham ko‘rishib qolsa, o‘z tillarida emas, rus tilida o‘zaro muloqot qiladi. Bu esa Turkiyaga yoqmayapti. U buni yo‘q qilish uchun “yumshoq kuch”dan foydalanmoqchi ko‘rinadi.
O‘zbekistonchi? Bugun 37.5 mlrd aholiga ega mamlakatning “yumshoq kuchi” bormi? Mutaxassislarning aytishicha, yo‘q.
O‘zbekiston. O‘zbek tili
“Xo‘sh, bugun “yumshoq kuch” O‘zbekiston uchun qanday ahamiyat kasb etadi? Fikrimcha, O‘zbekiston tashqi siyosatida “yumshoq kuch” strategiyasini ishlab chiqish vaqti keldi. Bizda hali bunday strategiya yo‘q. Shuningdek, bunday strategiyani ishlab chiqishdan avvalgi bir qator muammo va to‘siqlar ham bor. Bizda bunday kuch strategiyasini ishlab chiqishda kelgan bo‘ladigan resurslar bizda bor, mexanizm yo‘q”, dedi Bo‘ronov.
Ha, bugun Lavrov ta’biri bilan aytganda juda qudratli yumshoq kuch – til targ‘ibotiga O‘zbekiston ko‘p e’tibor bermaydi. Xorijiy minbarlar tugul hatto davlat miqyosida yuqori minbarlarda o‘zbek tili, uning ahamiyati haqida faqat bayramdan boshqa paytlari gapirilmaydi. Shu sohaga mas’ul tashkilotlarning ovozi chiqmaydi. Ko‘chalarda esa yot so‘zlar tiqilib yotibdi. Ammo o‘zbek tili siz o‘ylaganchalik, kichik til emas. U ham aslida “yumshoq kuch” bo‘la oladi. O‘zbek tili turkiy tillar orasida turk tilidan keyngi ikkinchi o‘rinda turuvchi eng katta tildir. Bu til barcha turkiy tillarning o‘rtasi, barcha tillar uchun eng tushunarlisi hisoblanadi.
“Millat va til masalasi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda 60 milliondan ortiq inson o‘zbek tilida so‘zlashadi. Bu degani dunyodagi o‘zbeklar soni 60 millionga yaqinlashgan. Biz agar bu tilni dunyodagi ta’siri, ravnaqini xorijda oshirishga harakat qilsak, targ‘ibotini kuchaytirsak, buni “yumshoq kuch”ning juda katta vositasiga aylantirishimiz mumkin. Chunki O‘zbekistondan tashqarida juda ko‘plab o‘zbeklar, nufuzli o‘zbeklar yashaydi. Ular orqali ko‘plab maqsadlarni amalga oshirishimiz mumkin. Ammo bu borada ham ishlarimiz sezilmayapti”, dedi Suhrob Bo‘ronov.
Masalan, eng so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston, Sharqiy Turkmaniston, Tojikiston, shimoli-g‘arbiy Xitoy va Afg‘oniston shimolida millionlab odamlar aynan o‘zbek tilida so‘zlashadi. Bu hududlarda o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar yashaydi:
- Afg‘oniston 2,9-3,2 million;
- Tojikiston 1,3-2 million;
- Qirg‘iziston 1,2 million;
- Qozog‘iston 800 ming;
- Turkmaniston 600 ming;
- Boshqa davlatlar, masalan Eron kabi boshqa davlatlarda 100-200 ming.
O‘zbeklar Afg‘onistondagi eng katta diospora vakillari ham hisoblanadi. Ammo hox ishoning, xoh ishonmang yonimizda yashayotgan o‘zbeklar siz haqingizda. O‘zlaridan boshqa o‘zbeklar borligi haqida eshitmagan.
Ammo O‘zbekiston o‘z yurtidagi o‘zbeklardan boshqa o‘zbeklar haqida ham qayg‘uradimi, u yerlarda o‘zbek tili targ‘ibotiga e’tibor qaratadimi deb so‘rasangiz bu savolga ham ha deb javob berish qiyin bo‘ladi. Bugun o‘zbek tilini o‘rganish istagidagi ayrim, kam sonli xorijlik fuqarolar o‘zbekistonning o‘zida o‘qitilsa, xorijdagilar uchun o‘zbek tili targ‘iboti yaxshi olib borilmaydi. Afg‘onistonda yashovchi o‘zbek millatdoshimiz Junaydbek Botirning aytishicha, uyerdagi o‘zbeklar hatto o‘zbek telekanallarini bepul tomosha qila olmaydi. Ular bu tilni faqat va faqat o‘z ota-onasidan, oilasi davrasidan o‘rgana oladi xolos.
Bugun dunyo mamlakatlari o‘z tillari, madaniyati va urf-odatlarining saqlanib qolishi, dunyoga tanitishi uchun milliardlab mablag‘ sarflaydi. O‘zbekistonda ham Davlat tilini rivojlantirish departamenti mavjud va aynan mazkur departamentning vazifalari qatorida shunday belgilab qo‘yilgan:
“Davlat tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzi, uning boshqa tillar bilan aloqalari istiqbollarini belgilash, xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlar va o‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan chet el fuqarolari uchun o‘zbek tili darsliklari va elektron dasturlarni ishlab chiqish va ularni keng miqyosda tarqatish, o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurslarni tashkil etish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshiradi”, deyilgan hujjatda.
Xo‘sh shunday deyilgan ekan, bu norma amalga tadbiq etilayaptimi? Ochig‘ini aytganda uzoq o‘lkalar u yoqda tursin, hatto O‘zbekistonning yon qo‘shnisi hisoblangan Afg‘onistonga, u yerda yashovchi millatdoshlarga o‘zbek tili darsliklari yetib borayapti, deb bo‘lmaydi.
Amerika federal komissiyasi sobiq raisi Nyuton Menouning fikricha, bugun “g‘oyalar uchun sarflangan 1 dollar mablag‘ bombalar uchun sarflangan 100 dollar qiymatga teng”. Dunyo siyosati har kuni, har soatda emas, har daqiqada o‘zgarib turgan bir paytda har bir davlat o‘z kuchini, madaniy, siyosiy, tashqi tomonlama kuchini oshirib bormasa, boshqalarning tovoni ostida qolib ketishi tabiiy ko‘rinadi. Shu sababli ham mutaxassislar, siyosatshunoslar O‘zbeksiston o‘z “yumshoq kuch”ini ishlab chiqishi kerak, degan fikrda.
Shunday qilib, Putindan, Rossiyadan boshlangan suhbatimiz mana Afg‘onistonda o‘z yakuniga yetdi. Bularning o‘rtasida muhokama qilingani esa Markaziy Osiyo va O‘zbekiston. Mintaqada yumshoq kuch, til kurashi tobora avj olmoqda. Turkiy davlatlar esa xuddi koptokdek o‘rtada sarsondek. Agar O‘zbekiston ham vaqtida o‘z “yumshoq kuchi”, tili va madaniyatini boshqa o‘lkalarda yoyish haqida bosh qotirmas ekan, oxiri og‘ir bo‘lishi aniq. Siz yumshoq kuch borasida qanday fikrdasiz? Fikringizcha, o‘zbek tili O‘zbekiston uchun “yumshoq kuch” bo‘la oladimi? Mamlakatda qaysi tilga ko‘proq ahamiyat qaratish kerak, sizningcha? Bu savolga 60 million o‘zbekzabonlarning qani qanchasi javob berak ekan, izohlar orqali aniqlaymiz.
LiveBarchasi