Putin Lavrovni yoniga qaytardi, Zelenskiy Yermakning iste’fosini qabul qildi – Weekend

Tahlil

Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha Tramp rejasi qisqartirildi. Endi u Rossiyaga yoqmayapti.

Zelenskiyning yaqin hamkori Andrey Yermak korrupsiya mojarosi fonida ishdan bo‘shadi, endi u frontga ketmoqchi.

Oq uy yaqinida Milliy gvardiya xodimlari otib ketildi. Gumonlanuvchi afg‘onistonlik muhojir va u AQSH hukumatidagilar, ayniqsa, Markaziy razvedkadagilarga begona emas.

Eron yog‘ingarchilik kamligidan maktablarni yopgan bir paytda, Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari suv toshqinidan aziyat chekmoqda.

Joriy hafta davomida dunyoda sodir bo‘lgan shu va boshqa voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Weekend dasturida tanishing. 

Qisqartirilgan tinchlik rejasi

Tramp Zelenskiyga bergan muddat o‘tib ketdi. U o‘zining 28 bandli rejasini qabul qilish uchun 27 noyabrgacha muddat bergan edi. Bu orada AQSH va Ukraina delegatsiyasi rejani Jenevadagi muzokaralarda qayta ko‘rib chiqdi. Hujjat 28 banddan 19 bandga kamaytirildi. “The Washington Post” nashrining yozishicha, Shveysariyadagi muzokaralardan so‘ng yangilangan tinchlik rejasidan AQSH va Rossiya o‘rtasidagi, Ukraina mojarosiga bevosita aloqasi bo‘lmagan munosabatlarga oid bandlar chiqarib tashlangan.

Kiyev NATOga a’zo bo‘lish masalasi alyansning o‘z protseduralari doirasida ko‘rib chiqilishi kerakligini talab qilgan, bunda a’zolik barcha davlatlarning konsensusi (bu barcha tomonlarning umumiy roziligi, ya’ni hamma kelishib, qarshi bo‘lmagan holat) bilan hal qilinadi. Bu aslida dastlabki loyihadagi NATO kengayishiga veto huquqi berish g‘oyasini bekor qiladi.

Biroq yangi reja Rossiyaga yoqmayapti. Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov Yevropaning takliflari samarasiz ekani va Kreml manfaatlariga mos kelmasligini aytdi. 

Tramp esa endi Ukrainaga ham, Rossiyaga ham muhlat bermoqchi emas. Balki bunga ular amal qilmayotgani sabab bo‘lgandir. 

Biroq Ukrainada hamon urush davom etmoqda. Ikki tomon ham bir biriga zarba bermoqda.

Putindan “yashirib qo‘yilgan” Ukraina elchixonasi

O‘tayotgan haftada Putin Qirg‘izistonga davlat tashrifi bilan keldi. 25-27 noyabr kunlariga to‘g‘ri kelgan ushbu tashrifda qiziq holat ro‘y berdi. Bishkekda Ukraina elchixonasi binosi va uning to‘g‘risidagi ko‘cha orqasida joylashgan Qirg‘iziston Prezidenti rezidensiyasi o‘rtasiga ulkan LED-ekran o‘rnatildi. Bir necha qavatli binoga teng balandlikdagi inshoot shunday joylashtirilganganki, Prezident va hukumatning yangi rezidensiyasi tomondan ekranni to‘liq ko‘rishga devor to‘sqinlik qiladi. Biroq ekran Ukraina elchixonasidagi bayroqni berkitib qo‘yadi.

Qirg‘iziston rasmiylariga ko‘ra, ulkan LED-ekran “hukumat videomateriallarini namoyish qilish va rasmiy tadbirlarni vizual kuzatish uchun” o‘rnatilgan. Ukrainaning Qirg‘izistondagi elchixonasining maslahatchisi Denis Avtonomov esa bu vaziyatda: “Sabab-oqibat bog‘liqligi ayon”, deya izoh bilan cheklandi.

Siyosiy tahlilchi Turat Akimovning ma’lum qilishicha, bu holat Putinni qo‘riqlovchi maxsus xizmat bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Uning aytishicha, rossiyalik xavfsizlik xodimlari odatda tadbirdan o‘n kun oldin kelib, butun hududni tekshirib chiqadi. Ular Ukraina elchixonasidan Putinga tahdid bo‘lishi mumkin deb hisoblagan bo‘lishi mumkin va Qirg‘iziston tomoni ushbu “xavf”ni bartaraf etishi kerak bo‘lgan.

Bishkekda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti sammiti ham bo‘lib o‘tdi. Sammitda tashkilotga raislik Rossiyaga o‘tgani ma’lum qilindi. Shuningdek, KXSHTning yangi Bosh kotibi tasdiqlandi. 

Putinga esa Qirg‘izistonda qobuz sovg‘a qilindi. U musiqa asbobini chalishga ham urinib ko‘rdi.

Rossiya Prezidenti tashrifi so‘nggida o‘tkazgan matbuot anjumanida doimgidek Ukrainaga “ultimatum” qo‘yishni ham unutgani yo‘q. Nima emish, jangovar harakatlar butunlay to‘xatilishi uchun Ukraina qo‘shinlari egallab turgan hududlardan chiqib ketishi kerak ekan. 

“Ukraina qo‘shinlari egallab turgan hududlardan chiqqachgina jangovar harakatlar to‘xtaydi. Bo‘lmasa, biz to‘xtamaymiz va buni qurol bilan amalga oshiramiz”, degan Putin matbuot anjumanida.

Jurnalistlar Putindan uzoq vaqtdan beri kamnamo bo‘lib qolgan, ayniqsa, Rossiya Prezidentining atrofida ko‘rinish bermayotgan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov haqida ham so‘radi. So‘nggi paytlarda Lavrov Putinning xorijiy safarlarida ko‘rinmay qolgani ortidan turli taxminlar ilgari surilgani, masalan, bu Putinning undan jahli chiqqani, chunki Lavrov amerikalik mavqedoshi Marko Rubio bilan telefon suhbatida Putin va Trampning Budapeshtda o‘tishi kerak bo‘lgan sammitini barbor qilgani haqida xabarlar urchigandi.

Putin jurnalistning savoliga javob berar ekan, dastlab: “Lavrovni sog‘inib qoldinglarmi”, deya hazil qildi, keyin esa u ikki hafta siyosiy maydondan yo‘qolib qolganini Rubio bilan suhbatga bog‘lash chalg‘ituvchi gap ekanini ta’kidladi.

“Uning o‘z ish jadvali bor. Menga hisobot berdi, nima bilan shug‘ullanayotganini, qaysi vaqtda shug‘ullanishini aytdi. Amerikalik hamkorlar bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rmoqda”, degan Putin. 

Ertasi kuni esa Lavrov yana Kremlda, Putinning yonida ko‘rinish berdi. 28 noyabr kuni Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban lavozimga kelgandan beri 14-marta Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Rossiya delegatsiyasi tarkibida esa Lavrov ham bor edi. U Putin va Orbanning muzokaralari boshlangunga qadar 45 daqiqa davomida vengriyalik mavqedoshi Peter Siyyarto bilan gaplashib turdi.

Yermak iste’foga chiqdi

Ukrainada ham yuqori lavozimli amaldorlar bilan bog‘liq vaziyat yaxshi emas. 28 noyabr kuni Ukraina Milliy antikorrupsiya byurosi mamlakat Prezidenti idorasi rahbari Andrey Yermakning uyida tintuv o‘tkazdi. Yermakning o‘zi ham tintuvni tasdiqladi.

“Bugun MAB va MAP rostdan ham mening uyimda protsessual harakatlarni o‘tkazmoqda. Tergovchilarga hech qanday to‘sqinlik yo‘q. Ularga kvartiraga to‘liq kirish imkoniyati berilgan, joyda mening advokatlarim bor, ular huquq-tartibot organlari bilan hamkorlik qilmoqda. Men tomondan to‘liq yordam ko‘rsatilmoqda”, deydi Yermak.

O‘sha kuni tintuvdan so‘ng Yermak Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga iste’fo arizasini taqdim etdi. 

“Prezident apparati faoliyati qayta shakllantiriladi. Andrey Yermak, Prezident apparati rahbari, iste’fo arizasini yozgan. U Ukraina manfaatlarini muzokaralarda har doim kerakli darajada himoya qilgani uchun minnatdorlik bildiraman”, dedi Zelenskiy.

Yermakning iste’fosi Zelenskiy prezidentligi davridagi eng yirik korrupsiya mojarosi avj olayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi. Bu mojaroda Prezidentning yaqin atrofidagi shaxslar ishtirok etgani aytilmoqda. Oy boshida Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi byurosi davlatga qarashli “Energoatom” kompaniyasidagi korrupsiya sxemasi bo‘yicha sakkiz nafar gumonlanuvchiga ayb qo‘ydi. Tergovchilar bu sxema rahbari sifatida Zelenskiyning eng yaqin ittifoqchilaridan biri – Timur Mindichni ko‘rsatdi. Korrupsiya mojarosida tilga olingan ikki vazir – Adliya vaziri German Galushenko va Energetika vaziri Svetlana Grinchuk 19 noyabr kuni ishdan olindi. Ularga hali ayb qo‘yilmadi.

Mindichga ayb qo‘yilishidan oldin u mamlakatdan qochib ketgan. Zelenskiy uni sanksiya ro‘yxatiga kiritgan va qidiruvga bergan.

“Ukrainskaya pravda” nashri manbalariga tayanib xabar berishicha, Yermak ham ushbu korrupsiya ishiga aloqador va tergovchilar uni “Ali Baba” deb atamoqda. Tergovchilarning fikricha, “Ali Baba” huquqni muhofaza qilish organlariga topshiriq berib, antikorrupsiya prokurorlariga bosim o‘tkazilishini ta’minlagan.

Andrey Yermakning o‘zi esa iste’fosi e’lon qilingach, “New York Post” nashriga yo‘llagan maktubida frontga ketmoqchi ekanini ma’lum qildi. 

“Men frontga ketyapman va har qanday qiynoqlarga tayyorman. Meni haqorat qilishdi va mening qadr-qimmatim himoya qilinmadi. Men Zelenskiyga muammo tug‘dirmoqchi emasman, men frontga ketyapman”, deya yozgan Yermak. 

Yermak qachon va qanday tarzda frontga jo‘nashi haqida aniq ma’lumot bermagan. Shuningdek, u o‘ziga nisbatan “to‘qilayotgan bo‘hton va fitnalardan” noroziligini, “haqiqatni biladigan” odamlardan yetarli darajada qo‘llab-quvvatlash bo‘lmayotganini bildirgan.

Zelenskiy esa Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustam Umarovni urushni tugatishga qaratilgan xalqaro muzokaralarda mamlakat delegatsiyasiga rahbar etib tayinladi. Umarov bu lavozimda Yermakning o‘rnini egalladi.

Suvsizlik va suv toshqini

Havo ifloslanishi va qo‘ruq o‘tgan kuz faqat Toshkentga oid emas. Eron poytaxti Tehron ham xuddi shunday muammoga uchradi. Shaharda  havoning juda ifloslanishi sababli 25-26 noyabr kunlari maktab va universitetlar yopildi hamda poytaxtda masofadan ishlash rejimi joriy qilindi. 

Davlat va xususiy muassasalar xodimlariga uydan ishlashga ruxsat berildi, favqulodda, tibbiy, operativ, harbiy va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlaridan tashqari, albatta.  Bank filiallari ham cheklangan miqdorda ishlashni boshlagan. 

Tehron shahrida havoning sifati odatda sovuq oylar davomida yomonlashadi, ayniqsa, shamol yoki yomg‘ir kam bo‘lgan paytlarda. Ifloslanishning asosiy sababi – harorat inversiyasi bo‘lib, eski avtomobillar va ba’zi zavodlar chiqindilari bu jarayonni kuchaytiradigan asosiy omillar hisoblanadi.

Qayd etish joiz, mamlakatda kuzatilayotgan iflos havo bilan bir vaqtda Tehronni suvsizlik ham qiynamoqda. Eronda yomg‘ir so‘rab, jamoat namozlari ham o‘qildi. Yomg‘ir bir paytning o‘zida suvsizlik masalasiga ham, havo ifloslanishi muammosiga ham barham berishi mumkin. 

Janubi-sharqiy Osiyoda esa tinimsiz yog‘gan musson yomg‘iridan qolgan vayronalarni tozalash ishlari boshlandi.  Tailand, Malayziya va Indoneziyada tinimsiz yomg‘ir yog‘ishi hamda suv toshqinlari oqibatida qurbonlar soni keskin ko‘paydi. Mutaxassislar vayronagarchilik havo siklonlari ta’siri oqibatida kuchayganini aytmoqda. Tailandda yog‘gan kuchli yomg‘ir tufayli yuzaga kelgan suv toshqinlari oqibatida 55 kishi halok bo‘lgan.

Indoneziyaning 60 million aholiga ega bo‘lgan Sumatra orolida ham vaziyat jiddiyligicha qolmoqda. Tropik siklon kuchli suv toshqinlari va ko‘chkilarni keltirib chiqardi. Ushbu tabiiy ofat tufayli kamida 100 kishi bedarak yo‘qolgan.

Gongkongdagi yong‘in

26 noyabr kuni Gonkongdagi Wang Fuk Court turarjoy majmuasida dahshatli yong‘in yuz berdi. Majmuada jami to‘qqizta bino bo‘lib, ularda 1,9 mingta xonadon joylashgan. Umumiy yashovchilar taxminan 4 ming nafarni tashkil etadi.

Bu yong‘in shahar tarixidagi turarjoy binosida sodir bo‘lgan eng halokatlisi bo‘ldi. Majmuada keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari olib borilgan. Kadrlarda olov avval bambukdan qurilgan qurilish to‘sinlarini qamrab olgani ko‘rinadi. Yongan qurilish setkalarining bo‘laklari yerga tushib, yong‘inning tarqalishini tezlashtirgan. To‘sinlar bo‘ylab olov binolar fasadlariga tez ko‘tarilgan. Aholining bir qismi binolarning ichida qolib ketgan. O‘t o‘chiruvchilar borgan paytda olov bir necha binoni birdaniga qamrab olib ulgurgan.

Mahalliy hokimiyatning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 130 nafarga yaqinlashgan. 200 ga yaqin odam bedarak yo‘qolgan, deb hisoblanmoqda, 80 ga yaqin vafot etganlar jasadi esa hali aniqlanmagan.

Yong‘inda vafot etgan har bir oilaga 200 ming Gonkong dollari (25,7 ming AQSH dollari) miqdorida tovon puli hamda dafn marosimini o‘tkazish uchun davlat yordami beriladi. Bundan tashqari, har bir zarar ko‘rgan oilaga maxsus ijtimoiy ishchi biriktiriladi, u oilaga kundalik muammolarini hal qilishda yordam beradi. Vaqtinchalik yashash joyi esa barcha zarar ko‘rganlarga bepul taqdim etiladi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Gonkongdagi turarjoy majmuasida sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan hamdardlik bildirdi, shuningdek, hodisa oqibatida o‘zbekistonliklar jabrlanmagani haqida xabar berdi. 

Afv etilgan kurka va otib ketilgan Milliy gvardiyachi

AQSHda har yili noyabr oyining to‘rtinchi payshanbasida Shukronalik kuni nishonlanadi. Ushbu bayram an’analariga muvofiq, Prezident Tramp 25 noyabrda 2 kurkani afv etib, ularni bayram dasturxonida ovqat bo‘lishdan saqlab qoldi. Shundan so‘ng, u bayramni nishonlash uchun Florida shtatidagi Mar-a-Lago rezidensiyasiga jo‘nab ketdi. 

Ertasi kuni Oq uydan uncha uzoq bo‘lmagan hududda ikki nafar Milliy gvardiya xizmatchisi otib ketildi. Otiishmadan so‘ng Milliy gvardiyaning 20 yoshli xodimasi Sara Bekstrom shifoxonada vafot etdi. Ikkinchi Milliy gvardiyachi, 24 yoshli Endryu Vulf esa “juda og‘ir ahvolda”.

Gumonlanuvchi 29 yoshli afg‘onistonlik Rahmonulloh Lakanval bo‘lib, u 2021 yilda AQSHga kirgan. Lakanval AQSHga Jo Bayden ma’muriyati davrida “Allies Welcome” dasturi doirasida kelgan, bu dastur Afg‘onistondan amerikalik qo‘shinlar chiqib ketganidan so‘ng va “Tolibon” hokimiyatga qaytgandan keyin fuqarolarga AQSHga kirish imkonini bergan.  29 yoshli Rahmonulloh o‘z vatanida AQSH hukumati, jumladan, Markaziy razvedka boshqarmasi bilan hamkorlik qilgan. 

Lakanval o‘tgan yili boshpana olish bo‘yicha murojaat qilgan va 2025 yilda tasdiqlangan, bu Trampning Oq uyga qaytishidan keyin bo‘lgan.

Tramp Vashingtondagi hujumni “terror harakati” deb atab, Bayden davrida AQSHga kelgan barcha afg‘onlarni tekshirish zarurligini ta’kidladi.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio esa AQSH Afg‘oniston fuqarolariga viza berishni to‘xtatganini ma’lum qildi.

Shuningdek, ushba otishmadan so‘ng AQSH 19 ta davlat, jumladan, Turkmanistondan kelgan chet elliklarning yashash kartalarini tekshiruvdan o‘tkaza boshladi. Prezident Donald Tramp “tashvishga sabab bo‘luvchi davlatdan kelgan har bir chet ellikning yashash kartasini to‘liq va puxta qayta tekshirish” topshirig‘ini bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston AQSh NATO Rossiya Evropa Eron Donal'd Tramp Qirg'iziston Tolibon Putin Ukraina Sergey Lavrov Gonkong Zelenskiy Oq uy Jo Bayden Jeneva KXShT Andrey Ermak Rustam Umarov Yuriy Ushakov Marko Rubio German Galushenko Timur Mindich Wang Fuk Court

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing