Vanihoyat! Sudanda uch kunlik sulhga erishildi
Olam
−
25 aprel 2023
3738Sudan Qurolli kuchlari va Tezkor harakat kuchlari (RSF) 72 soatlik kelishuvga erishdi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv kecha, 24 aprel kuni yarim tunda kuchga kirgan.
“Bu davrda Qo‘shma Shtatlar Sudan Qurolli kuchlari va RSF'ni zudlik bilan to‘liq sulhga rioya qilishga chaqiradi. Harbiy harakatlarni uzoq muddatli to‘xtatishni qo‘llab-quvvatlash uchun AQSH mintaqaviy va xalqaro hamkorlar hamda Sudan fuqarolik manfaatdor tomonlari bilan harbiy harakatlarni doimiy to‘xtatish va muzokaralar olib borish, yakunlash va amalga oshirishni nazorat qiluvchi qo‘mita tuzishga yordam beradi”, deyiladi departament bayonotida.
23 aprel holatiga ko‘ra, Sudandagi to‘qnashuvlar oqibatida 420 kishi halok bo‘ldi, ulardan 264 nafari tinch aholi, 3,7 ming kishi jarohatlangan.
Shu vaqtgacha Rossiya, Germaniya, Niderlandiya, AQSH, Fransiya, Shveysariya va boshqa davlatlar o‘z fuqarolarini Sudandan evakuatsiya qilishini e’lon qilgan.
Sudanda vaziyat qanday?
Suveren kengashga (mamlakat boshqaruv organi) ham rahbarlik qilayotgan armiya qo‘mondoni Abdulfattoh al-Burxon va uning kengashdagi o‘rinbosari maxsus kuchlar qo‘mondoni Muhammad Hamdan Dagalo o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli Sudanda vaziyat keskinligicha qolmoqda.
Joriy yilning 15 aprel kuni avj olgan to‘qnashuvlar 2021 yilgi harbiy to‘ntarishdan keyin boshlangan siyosiy inqirozning davomi ekani aytilmoqda. Tezkor harakat kuchlari va armiya ikki yildan beri o‘tish davri hukumatini shakllantirish bo‘yicha kelisha olmagan turli siyosiy guruhlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar (RSF) jangarilari mamlakatdagi kamida uchta aeroportni, shuningdek, qator harbiy ob’ektlar va Prezident saroyini egallab olganini aytishgan.
Biroq Sudan Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Abdel Fattoh al-Burxonning ta’kidlashicha, RSF'ning Prezident saroyi, poytaxt aeroporti va qurolli kuchlar shtab-kvartirasini nazorat qilayotgani haqidagi bayonotlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. General Burxon “Al Jazeera” nashri bilan suhbatda harbiylar vaziyatni to‘liq nazorat qilayotganini ta’kidlagan.
Sudan poytaxti Xartumdagi ko‘plab yo‘llar va ko‘priklar to‘sib qo‘yilgan, aeroport ham urush hududiga aylangan, u yerga parvozlar to‘xtatilgan. Ukraina ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, harbiy harakatlar oqibatida Ukrainaning SkyUp aviakompaniyasining Boeing 737 samolyoti aeroportda yonib ketgan.
Birlashgan Arab Amirliklarining Xartumdagi elchixonasi mojaro qanday kechayotganini katta tashvish bilan kuzatayotganini qayd etib, muammoni tinch yo‘l bilan hal qilish va yangi hukumatni shakllantirishda milliy konsensus (kelishuv)ga erishish zarurligini yana bir bor eslatib o‘tgan.
Shuningdek, AQSHning Xartumdagi elchisi Jon Godfri o‘q ovozlaridan uyg‘onganini hamda hozirda xuddi Xartumdagi va boshqa joylardagi sudanliklar kabi elchixonada boshqa diplomatlar bilan yashirinib yurganini aytgan.