Vaksinaning bir necha davlat qo‘lida to‘planishi global halokatga olib keladi – BMT

Olam

image

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyesus aholini COVID-19 ga qarshi global emlash strategiyasini taqdim etdi. Ularning maqsadi 2021 yilning oxirigacha barcha mamlakatlar aholisining 40 foizini, kelasi yilining o‘rtalariga qadar esa, 70 foizini vaksinatsiya qilishdir. Reja amalga oshishi uchun 8 milliard AQSH dollari talab qilinadi. Bu haqda BMTning rasmiy saytida xabar qilingan.

Guterrish va Gebreyesus sanoati rivojlangan davlatlarni vaksinalarning dozasini kambag‘al mamlakatlar bilan bo‘lishishga va ishlab chiqarishni kengaytirishga chaqirdi. Ularning aytishicha, faqat shu yondashuv pandemiyani to‘xtatadi va virusning yangi mutatsiyasi paydo bo‘lishining oldini oladi.

Dastlabki maqsad bajarilmadi – 56 ta mamlakatda aholining 10 foizi ham hali emlanmagan. Ularning aksariyati Afrika va Yaqin Sharqdan.

“Shuning uchun men bugun doktor Tedros bilan birlashib, COVID-19 ga qarshi emlashning global strategiyasini boshlashdan xursandman”, deydi BMT bosh kotibi.

Yangi reja vaksina ishlab chiqarishni kamida ikki barobarga oshirish va COVAX orqali adolatli taqsimlashni  talab qiladi. Emlash rejasi JSST tomonidan ishlab chiqilgan.

“Ilm odamlarni qutqarish uchun kuchli vositalarni taqdim etib, muhim rol o‘ynadi. Olimlar tarixdagi boshqa pandemiyalarga qaraganda tezroq harakat qilishdi”, deydi JSST bosh direktori Tedros Gebreyesus.

JSST rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu vositalarning bir necha mamlakatlar va kompaniyalar qo‘lida to‘planishi global falokatga olib keldi.

BMT boshlig‘i va JSST bosh direktori, vaksinalarning butun dunyo bo‘ylab teng taqsimlanishi va ularni ishlab chiqarish texnologiyalari almashinuvi ko‘plab odamlarning hayotini saqlab qolishga, ijtimoiy va iqtisodiy faollikni yangilashga, shuningdek, virusning yangi turlarining kelib chiqish xavfini kamaytirishga ishonadi.

Antoniu Guterrish va Tedros Adxanom Gebreyesus barcha davlatlarni birlashishga va ushbu strategiyani muvaffaqiyatli amalga oshirishga chaqirdi. O‘z navbatida, ular pandemiyaga qarshi kurashda BMTning faol ishtirok etishiga va’da berishdi.

Malumot uchun, bugungi kunda COVID-19 bilan kasallanganlar soni 241 222 689 nafarni, jami o‘limlar soni 4 907 572 nafar. Foydalanilgan vaksinalar soni 6 667 467 193 tani tashkil etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

JSST BMT COVID-19

Baholaganlar

65

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing