Ismoilov bosh Oliy Majlisdagilar vaksina olmaganlarga cheklovlar joriy qilishni tavsiya etmoqda
Jamiyat
−
17 iyul 2021
6617Aholini koronavirusga qarshi emlash jarayonini tezlashtirishda rag‘batlantirish hamda qo‘shimcha imtiyozlar berish yoki harakatlarni cheklash vositalarini keng qo‘llashning aniq mexanizmlari ishlab chiqilishi mumkin. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida aytib o‘tildi.
“Bugungi kunda O‘zbekistonda COVID-19 bilan kasallanishni kamaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Afsuski, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinayotgan kunlik kasallanishlar va vafot etayotganlar haqidagi xabarlardan ko‘rish mumkinki, koronavirus aholi o‘rtasida juda tez tarqalib bormoqda”, degan Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov.
Shu bois, yalpi majlis davomida deputatlar tomonidan bildirilgan takliflar asosida Respublika maxsus komissiyasiga koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish va uning tarqalishi xavfi yuqori bo‘lgan hamda mehnat faoliyati davomida keng jamoatchilik bilan bevosita muloqotga kirishidagan aholi qatlamini emlash ishlarini mumkin qadar tezlashtirish va jadallashtirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
Qonunchilik palatasi spikerining ma’lum qilishicha, aholini koronavirusga qarshi emlash jarayonini tezlashtirishda rag‘batlantirish hamda qo‘shimcha imtiyozlar berish yoki harakatlarni cheklash vositalarini keng qo‘llashning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlangan.
“Birinchidan, karantin choralarini, shu jumladan o‘z xodimlarining emlanishini yetarlicha ta’minlagan (jamoaviy immunitetga erishgan), tashrif buyuruvchi mijozlarga nisbatan yetarli talablar o‘rnatilgan holda xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish korxonalariga taalluqli karantin cheklovlarini yengillashtirish, ya’ni cheklangan muddatdan tashqari vaqtlarda ishlashga ruxsat berish amaliyotini joriy qilish;
Ikkinchidan, o‘z vaqtida va ixtiyoriy ravishda emlangan xodimlarni ish beruvchilar tomonidan rag‘batlantirish, emlanishni asossiz ravishda rad etgan xodimlarga nisbatan esa, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan choralarni qo‘llash amaliyotini keng joriy etishni targ‘ib qilish;
Uchinchidan, emlanganlarga nisbatan imtiyoz olish imkoniyatlarini berish (ish beruvchi tomonidan mehnat faoliyatiga otgul berish, ularni moddiy rag‘batlantirish va boshqalar), asossiz ravishda emlanmagan 18 yoshdan yuqori fuqarolarga ayrim cheklovlar o‘rnatishni (sport o‘yingohlari, konsert, kino va boshqa ommaviy tadbirlarga qo‘ymaslik) joriy etish masalasini ko‘rib chiqish tavsiya etildi”, deydi spiker.
Avvalroq, O‘zbekistonda Qonunchilik palatasi deputatlarining deyarli yarmi o‘z xohishiga ko‘ra emlangani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi