Hindiston maymunchechakka qarshi vaksina ishlab chiqmoqchi
Olam
−
21 avgust
1323Hindistonning eng yirik vaksina ishlab chiqaruvchisi Serum Institute of India (SII) maymunchechakka qarshi vaksina loyihasini ishlab chiqmoqda. Bu haqda “The Economic Times” xabar berdi.
Gazetaga ko‘ra, vaksina 2024 yilning oxirigacha yaratilishi mumkin.
“M-pox epidemiyasi tufayli e’lon qilingan favqulodda holatni hisobga olgan holda, biz ushbu kasallikka qarshi vaksina yaratish ustida ishlamoqdamiz. Umid qilamizki, joriy yil oxirigacha ijobiy natijaga erishiladi”, degan institut direktori Adar Punavalla.
Punadagi Milliy virusologiya instituti Hindistonda 2022 yilda maymunchechak bilan kasallangan 30 ta holat qayd etilgan M-pox namunalarini o‘rganish bo‘yicha mamlakatdagi yetakchi tibbiy muassasaga aylangan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2022 yilning iyul oyida maymunchechak epidemiyasini xalqaro tashvishga soladigan favqulodda holat deb e’lon qilgan edi. Hindistonda M-pox infeksiyasining oxirgi holati 2024 yil mart oyida aniqlangan. Mamlakat Bosh vaziri Narendra Modi hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Hindistonda maymunchechak bilan kasallanish holatlari qayd etilmagan.
Ma’lumot uchun, maymunchechak kam uchraydigan virusli kasallik bo‘lib, uning belgilari isitma, intoksikatsiya, kattalashgan limfa tugunlari va dog‘lar ko‘rinishida bo‘ladi. Yuqumli kasallik o‘z-o‘zidan tiklanish bilan 2-4 hafta davom etadi, ammo o‘lim bilan kasallikning og‘ir holatlari yuzaga keladi. Virusning ikkita shtammi mavjud: Clade I va Clade II. Birinchi shtamm bilan zararlangan har 10 kishidan 1 nafari vafot etadi. 2022–2023 yillardagi epidemiya Clade II tomonidan qo‘zg‘atilgan bo‘lib, u bilan kasallangan bemorlarning 99 foizi omon qoladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shvetsiya hukumati mamlakatda maymunchechak kasalligi (M-pox) qayd etilganini ma’lum qilgandi. 2023 yil oxirida yangi epidemiya boshlanganidan beri bu virus Afrikadan tashqarida birinchi marta aynan ushbu mamlakatda aniqlangan. Rasmiylarning tushuntirishicha, bemor kasallikni Afrikaga safari paytida yuqtirgan. Shuningdek, Pokistonda ham ushbu virus bilan kasallanganlar aniqlandi. JSST esa maymunchechak virusi sababli global favqulodda holat e’lon qildi. Tashkilotning bildirishicha, maymunchechak (M-pox) yangi yoki eski shtammi bo‘lishidan qat’i nazar, yangi SOVID emas. Bundan tashqari, Filippin va Tailandda ham ushbu virus aniqlangan.
LiveBarchasi