Saratonga qarshi vaksina ishlab chiqildi
Salomatlik
−
22 Oktabr
7615AQSHdagi Kolumbiya universiteti tadqiqotchilari immun tizimini saraton hujayralarini yo‘q qilishga o‘rgatadigan probiotik bakteriyalarni ishlab chiqdi. Bu haqda universitet veb-saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, ushbu kashfiyot kelajakda nafaqat o‘simtalarga qarshi kurashadigan, balki kasallikning qaytalanishini oldini olish imkonini beradigan yangi turdagi saraton vaksinalarini yaratishga olib kelishi mumkin. Shuningdek, ushbu vaksinalar har bir bemorning kasallik xususiyatlarini hisobga olgan holda moslashtirilishi mumkin bo‘ladi.
“Kolorektal saraton va melanoma bilan og‘rigan sichqonchalarda o‘tkazilgan tajribalarda bakterial vaksina immun tizimini shunday faollashtirdiki, u saraton hujayralarining o‘sishini to‘xtatdi yoki ularni butunlay yo‘q qildi. Shu bilan birga, sog‘lom to‘qimalar zarar ko‘rmaydi”, deyiladi xabarda.
Tadqiqotlarga ko‘ra, bu usul peptidlar asosidagi an’anaviy saratonga qarshi vaksinalarga qaraganda samaraliroq ishlaydi.
Vaksina qanday ishlaydi?
Qayd etilishicha, olimlar genetik o‘zgartirilgan E. coli probiotik bakteriya shtammini ishga soladi. Bakteriyalar immun tizimini saraton hujayralarini tanib olish va ularga hujum qilishga o‘rgatadi, shu bilan birga, ular sog‘lom hujayralarga zarar yetkazmaydi.
Har bir vaksina har bitta bemor uchun alohida yaratiladi. Bakteriyalar aynan o‘sha bemorga xos bo‘lgan saraton hujayralari mutatsiyalariga hujum qilish uchun dasturlashtiriladi. Bu davolashning samaradorligini oshiradi va nojo‘ya ta’sirlar xavfini kamaytiradi.
“Tadqiqotchilar ushbu usulni takomillashtirishni davom ettirmoqda, shunda yaqin kelajakda vaksinani odamlarda sinab ko‘rish mumkin bo‘ladi. Agar sinovlar muvaffaqiyatli bo‘lsa, bu davolash qiyin bo‘lgan bemorlar uchun saratonni yengishda yangi davr boshlanishiga olib keladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniyada o‘pka saratoniga chalingan 67 yoshli londonlik erkak xalqaro sinov doirasida birinchi bo‘lib saratonga qarshi yangi vaksina olgan edi.
LiveBarchasi