Qozog‘istonda qizamiqqa chalinish keskin oshdi
Jamiyat
−
09 noyabr 2023
4183Joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida Qozog‘istonda qizamiqqa chalinish holatlarining keskin ko‘paygani qayd etildi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2023 yilning o‘tgan 10 oyida Qozog‘istonda 13 mingdan ortiq odam qizamiq bilan kasallangan, ularning 83 foizini 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil qiladi. Vazirlikka ko‘ra, hozirda kasal bolalarning 70 foizi emlanmagan, shuningdek, bemorlar orasida emlanmagan kattalar ham bor.
“Bugungi kunda dunyodagi epidemiologik vaziyat juda noqulay. Hozirga qadar 160 mamlakatda qizamiq kasalligi avj olgan. Sentyabr oyida respublikada keskin yomonlashdi. Bunga bolalarning barchasi maktabga borgani va ular yopiq xonada birga o‘tirgani sabab bo‘lgan. Bu infeksiya havo orqali yuqadi”, deydi Sog‘liqni saqlash vaziri Ajar Giniyat.
Giniyatning ta’kidlashicha, infeksiya tarqalishining ko‘payishi fonida 2024 yilning yanvar oyi oxirigacha davom etadigan qo‘shimcha ommaviy emlashni amalga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Buning uchun vaksina yetarli.
“Biz avvalo bolalarni va infeksiya o‘choqlarida bo‘lgan kattalarni emlaymiz. Shu bois barcha qozog‘istonliklarni kasallikdan ishonchli himoya olish uchun klinikalarga taklif qilamiz”, deydi u.
Shuningdek, vazir infeksiyaning og‘ir oqibatlari haqida ogohlantirib, bugungi kunda qizamiq uchun o‘ziga xos davolash yo‘lining yo‘qligini va o‘zini himoya qilishning yagona yo‘li emlanish ekanligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatidagi ikkita maktab qizamiq kasalligi tufayli masofaviy ta’limga o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi.
LiveBarchasi