“Vagner” safida jang qilgan o‘zbekistonlikka sud hukmi o‘qildi
3-sahifa
−
11 iyul
34382Rossiyaga ishlash maqsadida ketib, u yerda “Vagner” safiga qo‘shilgan va Ukrainaga qarshi jang qilgan 26 yoshli o‘zbekistonlikka hukm o‘qildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ'ga Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro Sh.Y. 2019 yilda pul ishlab topish maqsadida Rossiyaga chiqib ketgan. U Moskva shahrida ishlashi davomida, giyohvandlik vositalari oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olingan va 2021 yil 30 sentyabrda jinoyat ishlari bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi Kalujskaya viloyati Obninsk shahar sudi tomonidan RF Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bo‘yicha aybli deb topilib, sud hukmiga asosan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinish jazosi tayinlangan.
Sudlanuvchi Sh.Y. jazoni o‘tash davrida Rossiya harbiylarining taklifiga ko‘ra, 2022 yil 22 oktyabrdan 2023 yil 22 aprelga qadar “Vagner” xususiy shirkatida 6 oy xizmat qilib, ushbu xizmati evaziga muqaddam sud hukmiga ko‘ra, tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilingan va 950 000 Rossiya rubli miqdorida pul mukofoti hamda “Za otvagu” nomli ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganligi aniqlangan.
Joriy yilning 30 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron shahar sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan va Sh.Y. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasining (Yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
LiveBarchasi