“Vagner” mamlakatda hukumatni ag‘darmoqchi emas edi – Prigojin
Olam
−
27 iyun 2023
19305“Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin o‘zining "adolat marshi" tugaganidan beri birinchi marta matbuotga bayonot berdi. Uning matbuot xizmati kecha, 26 iyun kuni Telegram kanaliga 11 daqiqalik audioyozuvni joyladi.
Ovozli xabarda Prigojin mamlakatda hukumatni ag‘darmoqchi emasligini ta’kidlagan. Shuningdek, u rus askarlarining qonini to‘kmaslik uchun orqaga chekinishini qo‘shimcha qilgan.
“Rossiya samolyoti urib tushirilganidan afsusdamiz. Biz mamlakatda hukumatni ag‘darmoqchi emas edik, “maxsus operatsiya” davomida xatoga yo‘l qo‘yganlarni javobgarlikka tortmoqchi edik”, degan Putinning oshpazi.
“Vagner” rahbari Lukashenko bilan muzokaralar tafsilotlarini va yollanma qo‘shinning keyingi rejalarini oshkor qilmagan.
O‘z navbatida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham murojaat bilan chiqqan. U o‘z nutqida “Vagner” jangchilarida ikki tanlov borligini aytdi. Unga ko‘ra, vagnerchilar Mudofaa vazirligi yoki boshqa huquq-tartibot idoralari bilan shartnoma tuzib, Rossiyaga xizmat qilishni davom ettirishi yoki Belarusga borishi mumkin.
“Men bergan va’da amalga oshadi. Takror aytaman, tanlov sizniki, lekin men ishonamanki, bu o‘z fojiali xatosini tushungan rus askarlarining tanlovi bo‘ladi”, degan Putin.
Prigojinning bir kunlik isyoni
Joriy yilning 24 iyun kuni “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab oldi. Prigojin Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov “Vagner”ga topshirilishini talab qilib, Moskvaga borishini e’lon qildi. Bu orada Moskvada ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati esa Prigojinga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Kechga borib Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan kelishilgan holda “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin bilan muzokara olib borgani ma’lum bo‘ldi. Muzokaralar yakunida Rossiya hududida qurolli harakatlarni to‘xtatish va keskinlikni yumshatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Prigojin ham Moskvaga ketayotgan qo‘shinlari ortga qaytarilganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi