Allamjonov matbuotga bosim, tahdid va adolatsizlik hamon borligini aytdi

Jamiyat

image

Avvalroq, Samarqandda II Markaziy Osiyo sudyalar muloqoti boshlangani,  YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Arlem Dezir, Milliy mass-mediani rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik fondi Vasiylik kengashining raisi Komiljon Allamjonov va fond raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva  ishtirok etayotgani haqida xabar bergan edik. Ushbu muloqotni Komiljon Allamjonov ochib berdi. U o‘z so‘zida O‘zbekistonda jamoatchilik nazorati vujudga kelayotgani, odamlari o‘z haqqini talab qilishni o‘rganayotgani haqida gapirdi.

“Yangi O‘zbekiston ko‘plab sohalarda islohotlarni boshidan o‘tkazyapti. O‘zbekiston rahbariyati islohotlarning bosh lokomotivi sifatida kuchli fuqarolik jamiyatini amalda barpo etish, so‘z va matbuot erkinligi, davlat organlarining ochiqligini ta’minlash yo‘lini tanladi. Inson qadri degan tushunchalar paydo bo‘lyapti asta-sekin. Odamlar ham o‘z haqqini talab qilishni o‘rganyapti. Davlat idoralari esa kuchli jamoatchilik nazoratiga o‘tib borayotganini tushunib yetdi. Ushbu tanlangan yo‘ldan O‘zbekiston ortga qaytmasligi va o‘z pozitsiyasida katiy turishini davlat rahbari ham ko‘p marotaba takrorlamoqda.

Albatta bu oson jarayon emas. Ochiqlik madaniyati, unga o‘rganish, uni hazm qila olish ham oson emas. Lekin jarayon boshlandi O‘zbekistonda, natijalar ham bo‘lyapti. Bu sohaning rivojlanish dinamikasi ham yomon emas”, deydi Allamjonov. 

Ma’lumki, Komiljon Allamjonov o‘tgan davrda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori lavozimida faoliyat yuritdi. Bu vaqtda tashkilot jurnalistlar va blogerlarga yaqin bo‘ldi, ularga quloq tutdi, muloqot muhiti yaratildi. O‘z-o‘zidan muammo va kamchiliklar, jurnalistlarni qiynayotgan masalalar suv yuziga qalqib chiqdi. Allamjonov agentlikda ottirgan tajribasidan kelib chiqib, jurnalistlarda hamon qo‘rquv borligini aytadi. “Ammo hali oldinda qilinadigan ishlar ham ko‘p”, deydi u so‘zi avvalida. 

“Matbuot xodimlarida o‘zini senzura qilish, ko‘rquv bor hali, chunki davlat idoralari xodimlari tomonidan turli tahdidlar, bosimlar, adolatsizliklar ham bor. Ularni himoya qiladigan yagona organ bu — sud bo‘lishi kerak. Lekin buning uchun eng asosiysi — sudlar amalda mustaqil ishlashi, ularda doim adolat bo‘lishi kerak, har bir norozi fuqaro ko‘chaga chiqishi emas, boradigan joyi sud bo‘lishi kerak va aholida sudlarga nisbatan ishonch kuchli bo‘lishiga erishish kerak. Shuning uchun ham bugungi bizning tadbirimizga o‘xshagan konferensiyalar, tajriba almashish, doimiy muloqotlar juda muhim”.

Ma’lumot o‘rnida, ikki kunlik tadbirda YeXHT mintaqasi va Markaziy Osiyo davlatlaridan 40 dan ziyod yuqori malakali ekspert-mutaxassislar, yurist-huquqshunoslar, sudyalar ishtirok etmoqda

Xalqaro anjumanda OAV va so‘z erkinligini ta’minlashda milliy sud tizimlarining o‘rni bo‘yicha mavzular muhokama qilinadi. Ushbu tadbir dunyo miqyosidagi yangi tendensiyalar, so‘z erkinligi hamda ommaviy axborot vositalarining cheklov va to‘siqlarsiz faoliyat yuritishi bilan bog‘liq dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun, shuningdek, bu borada yuzaga keladigan muammolarni hal etish bo‘yicha fikr va tajriba almashish uchun platforma bo‘lishi ko‘zda tutilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Komiljon Allamjonov

Baholaganlar

14

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing