Oltin parad: qadimgi Misr fir’avnlarining mo‘miyolangan jasadlari ko‘chirildi (video)
Olam
−
05 aprel 2021
9843Joriy yilning 3 aprel kuni Misr poytaxti Qohira shahrida noodatiy "Fir’avnlar sayri" o‘tkazildi.
Bir asrdan buyon Tahrir maydonidagi Qohira muzeyida saqlanayotgan Qadimgi Misr fir’avnlarining mo‘miyolangan jasadlari yangi tashkil etilgan Misr sivilizatsiyasi milliy muzeyiga tantanali ravishda o‘tkazildi.
22 ta mo‘miyolangan fir’avnlar va malikalar jasadlari solingan tobutlar shohona kortejlarda, oltin rangidagi mashinalarda o‘zining yangi dargohiga yetib bordi.
Marosimda mamlakat Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi hamda UNESCO direktori Odri Azule ham ishtirok etgan.
Namoyishlarga jami 60 ta mototsikl, 150 ta ot, 330 nafar sportchi, 150 nafar musiqachi va 150 nafar Mudofaa vazirligi xodimlari jalb etilgan.
Ishtirokchilarning barchasi qadimgi Misr davri aks etgan liboslarda va qiyofalarda namoyon bo‘lgan.
Ko‘chirilgan mo‘miyolar orasida mashhur Ramzes II ning mo‘miyolangan jasadi ham bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida, XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Misrda Buyuk Britaniya magnatlari homiyligida keng ko‘lamli arxeologik tadqiqotlar olib borilgan bo‘lib, mo‘miyolangan jasadlar aynan shu davrlarda topilgan.
1920 yillarda Tutanxamon maqbarasini ochishda ishtirok etgan ekspeditsiya a’zolari birin-ketin sirli ravishda halok bo‘lgan. Shundan so‘ng fir’avnlar qarg‘ishi haqidagi afsonalar vujudga kelgan.
Bu safar ham mo‘miyolarning ko‘chirilishi oldidan ijtimoiy tarmoqlarda fir’avnlar qarg‘ishi heshtegi ostida mamlakatda yuz bergan falokatlarni mazkur voqeaga bog‘lab aksiyalar o‘tkazilgan. Jumladan, Suvaysh kanalidagi hodisa, poyezdning halokati natijasida 18 kishining vafot etishi va Qohiradagi binoning qulashi natijasida 25 kishining halok bo‘lishini ham aynan fir’avnlar jasadlarining bezovta etilishi bilan bog‘lashga urinishlar bo‘lgan.