“Uzum Market” ustidan shikoyat qilganlarga pullari qaytarib berildi
Jamiyat
−
11:48 3082 2 daqiqa
Iste’molchilar tomonidan “Uzum Market” MCHJ XK ga nisbatan 100 dan ortiq sifatsiz tovarlar va mahsulot vaqtida yetkazilmaganiligi haqida shikoyatlar Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga kelib tushgan. Bu haqda bugun, 30 yanvar kuni Qo‘mita rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Keltirilishicha, ijtimoiy tarmoqlar orqali qoldirilgan 100 dan ortiq murojaatlarda “Uzum Market” tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar yuzasidan turli e’tirozlar bildirilgan.
Xususan, ilovalarning to‘g‘ri ishlamasligi, buyurtmalarni belgilangan muddatda yetkazib bermaslik yoki xatoliklarga yo‘l qo‘yilishi, yetkazilgan tovarlarda nuqsonlar mavjudligi hamda shartnomalarni bekor qilishda qiyinchiliklar qayd etilgan.
Ushbu holatlar Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqilib, murojaatlarda ko‘rsatilgan muammolar ijobiy hal etilgan.
Jumladan, onlayn xarid qilingan changyutgich nosoz chiqqanligi sababli shartnoma bekor qilinib, 1 mln 170 ming so‘mdan ortiq mablag‘ iste’molchiga qaytarilgan.
Shu o‘rinda, Qo‘mita iste’molchilarni raqamli platformalar orqali mahsulot buyurtma qilish yoki obunalarni faollashtirishda xizmat shartlari, qaytarish va hisob-kitob tartiblari bilan oldindan to‘liq tanishib chiqishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dorixonalarda tibbiy spirt o‘rniga losonlar sotilgani aniqlangani haqida xabar berilgandi. Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Sirli mijoz” tadbiri doirasida dorixonalarda spirt mahsulotlarining realizatsiya qilinishi holatlari o‘rganilgan. Unda 20 dan ortiq dorixonalar qamrab olingan va shundan taxminan 25 foizida spirt so‘ralganda, uning o‘rniga loson berilgani aniqlangan.
Live
Barchasi