“Uzr, o‘g‘lingizni kislotada eritib yubordik”. Mafiya adashib o‘ldirgan qurbonining ota-onasiga tovon puli taklif qildi
Olam
−
20 aprel 2023
28732Italiyada mafiyaning ikki vakili 23 yil avval anglashilmovchilik sabab kislotada eritib yuborgan yigitning ota-onasiga “zarar”ni qoplash uchun tovon puli va kvartira taklif qildi.
Qayd etilishicha, Neapolning Kamorra jinoiy guruhining ikki a’zosi 56 yoshli Salvatore Kammarota hamda 64 yoshli Karlo Nappi bundan 23 yil avval, 2000 yilda 26 yoshli Julio Jassio ismli qurilish ishchisini o‘g‘irlab ketgan. Keyin uni otib tashlab, tanasini kislotada kuydirib yuborishgan. Biroq keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, ular Kammarotaning singlisi bilan ishqiy munosabatda bo‘lganlikda gumon qilib, o‘ldirgan yigit umuman boshqa odam bo‘lib chiqqan.
O‘tgan yilning dekabr oyiga kelibgina sobiq mafiya a’zolaridan biri tomonidan politsiyaga berilgan ma’lumot asosida jinoyatchilar ushlangan. Ular jabrlanuvchining ota-onasiga 60 ming yevro tovon puli va kvartira taklif qilishgan. Italiya qonunchiligi bo‘yicha jinoyat sodir etgan shaxs jabrlanuvchiga yoki jabrlanuvchining oilasiga tovon to‘lashni taklif qilsa, bu jazo tayinlashda yengillashtiruvchi holat sifatida qaralishi mumkin. Ammo Julioning ota-onasi taklifni rad etib, adolat qaror topishini istamoqda.
“Dunyodagi hech qanday pul Julioni qaytarib bera olmaydi. Oila adliya tizimiga ishonchini saqlab qoladi”, deydi ularning advokati.
Sudning birinchi majlisi kecha, 19 aprel kuni bo‘lib o‘tgan. Jabrlanuvchining qarindoshlari jinoyatchilarga eng og‘ir jazo tayinlanishini talab qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada o‘zbekistonlik ayolning chaqalog‘iga uning kundoshi kislota sepib yuborgandi. Yana bir holatda Turkiyada o‘zbekistonlik ayol ustiga kislota sepib yuborilishi oqibatida vafot etgandi.
LiveBarchasi