O‘zPFL “Neftchi” — “Turon” o‘yinidagi janjal bo‘yicha bayonot berdi
Jamiyat
−
02 dekabr 2020
15418O‘zbekiston Professional futbol ligasi Pro liganing so‘nggi turi doirasida Farg‘onaning “Neftchi” hamda Yaypanning “Turon” klublari o‘yinida yuz bergan tartibsizlik bo‘yicha bayonot berdi.
O‘FAning ma’lum qilishicha, Murosasiz kechgan bahs yakunida hakamlarga nisbatan “Neftchi” futbol klubi futbolchilari hamda muxlislarining tajovuzkor xatti-harakatlari ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tezda to‘xtatilgan.
“Neftchi” — “Turon” uchrashuvi kutilganidek shiddatli kechdi va unda mehmonlar 1:0 hisobida g‘olib chiqib, Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Murosasiz kechgan bahs yakunida hakamlarga nisbatan “Neftchi” futbol klubi futbolchilari hamda muxlislarining tajovuzkor hatti-harakatlari kuzatildi, maydonda tartibsizlik vujudga keldi. Ichki ishlar organlari xodimlarining sa’i-harakatlari sabab ko‘ngilsiz holat tezda bartaraf etildi”, deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, shu kuni bellashuvni tomosha qilish uchun Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov, shuningdek, viloyatning bir qator mansabdor shaxslari “Istiqlol” stadionida bo‘lgan. Ular ham tartibsizlikni bartaraf etishga yordam bergan.
“Ko‘ngilsiz voqeaning tezlikda bartaraf etilishida ularning hissasi katta bo‘ldi. Bellashuv yakunida viloyat hokimining o‘zi “Turon” futbolchilarini taqdirlash uchun maydonga chiqdi.
Bunga qadar tez tibbiy yordam uchrashuv hakamlariga yordam ko‘rsatdi hamda ularning holatlarini tekshiruvdan o‘tkazdi. Shu kuni hakamlar brigadasi va umuman uchrashuvda bevosita ishtirok etgan shaxslarning og‘ir tan jarohati olishi holati kuzatilmadi. Bugun, 2 dekabr kuni uchrashuv rasmiylari O‘zPFL vakillari bilan birgalikda Toshkentga qaytib keldi, ayni vaqtda ularning salomatliklari bilan bog‘liq muammolar yo‘q”, deya ma’lum qilgan PFL.
Bugunning o‘zida O‘FA Hakamlar va nazoratchilar bo‘limi ekspertlari uchrashuvni o‘rganib chiqqan.
“Uning burilish nuqtalari asosan uch vaziyatda yuz bergan:
• 14-daqiqada bosh hakam mezbonlar darvozasiga penalti belgiladi. Mazkur vaziyatga hakam anchagina yaqin bo‘lgani uning yutug‘i bo‘ldi va u haqli ravishda 11 metrlik jarima zarbasi belgiladi;
• 45-daqiqada to‘p “Turon” futbolchisining qo‘liga tekkandek tuyuldi, o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, hakam jarima belgilamay, to‘g‘ri qaror qabul qilgan. Sababi to‘p futbolchining tana qismiga tekkan;
• 90-daqiqada to‘p yana bir bor “Turon” futbolchisining qo‘liga tekkandek tuyuldi. Takroriy lavha esa to‘p futbolchining ko‘krak v yelka qismiga tekkanini ko‘rsatdi, qolaversa, bu yerda himoyachining qo‘li tabiiy holatda turgandi. Hakamning bu qarori ham to‘g‘ri bo‘ldi.
Shundan kelib chiqib, uchrashuvni yaxshi boshqarib borgan hakam 8,3 ballga loyiq ko‘rildi, uning harakatlari yaxshi baholandi. O‘zPFL bellashuvdagi provakatsion harakatlarga uchmay, murakkab o‘yinni boricha boshqarib borgan hakamlar brigadasiga o‘z minnatdorchiligini bildiradi. Shuningdek, bugun O‘zPFL mazkur ishni tegishli qo‘mitalarda o‘rganib chiqish hamda aybdorlarni jazolashni so‘rab, ishni O‘FAga oshirdi.
Kechagi kunning o‘zida O‘zPFL rasmiylari Farg‘ona viloyati IIBB vakillari bilan muloqotda bo‘ldi hamda qonunchilik asosida ularni qiziqtirgan barcha savollarga javob qaytardi. O‘yindan keyin o‘zini noprofessionallarcha tutgan mezbonlar vakillari va buning oqibatida taqiqlangan hududni kesib o‘tgan futbol muxlislari bilan viloyat IIBB shug‘ullanmoqda. Ayni vaqtda O‘FA tegishli qo‘mitasida ham, IIBBda ham ishni o‘rganish uchun yetarlicha dalillar mavjud”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, o‘yindan keyingi janjal bo‘yicha 6 kishiga jinoyat ishi ochildi, 5 kishiga ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirilgan.
LiveBarchasi