10 tadan penalti tepilgan o‘yinda O‘zbekiston Yaponiyaga yutqazdi
Sport
−
18:35 1372 1 daqiqa
Bugun, 30 sentyabr kuni Yaponiyaning Aichi-Nagoya shaharlarida o‘tkazilayotgan Osiyo o‘yinlarining futbol bahslarida O‘zbekiston vakillari maydonga chiqdi. Penaltilar seriyasigacha davom etgan o‘yinda O‘zbekiston mezbon jamoa vakillariga yutqazdi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limida dastlabki daqiqalar O‘zbekiston yoshlari ustunligida o‘tdi. Bu 8-daqiqada o‘z mevasini berdi va Sardor Bahramov gol urib, jamoasini oldinga olib chiqdi. Shundan so‘ng, yaponiyaliklar tashabbusni o‘z qoliga oldi. Qator hujumlarga qaramay, birinchi taymda hisob boshqa o‘zgarmadi.
Ikkinchi bo‘limda Yaponiya futbolchilari ustunlikni davom ettirib, bir qancha xavfli hujumlar uyushtirdi. O‘yinning asosiy vaqti tugashiga 2 daqiqa qolganda mezbonlar gol urib, bahsni ekstra-taymlarga olib o‘tdi. Biroq qo‘shimcha bo‘limlarda ham tablodagi raqamlar o‘zgarmadi. Penaltilar seriyasida esa jamoalar 10 tadan zarba yo‘lladi. Yakunda omad mezbonlarga kulib boqdi – 8:9.
Ma’lumot uchun, endi 3-o‘rin uchun bahsda O‘zbekiston U-23 ga Xitoy U-23 jamoasi raqiblik qiladi. Ushbu uchrashuv joriy yilning 3 oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan 15:00 da start oladi.
Live
Barchasi