Uzoq vaqt telefonda “o‘tiradigan” bolalarda qanday muammolar paydo bo‘lishi aytildi
Bu qiziq
−
20:47 500 2 daqiqa
Ekran qarshisida ko‘proq vaqt o‘tkazadigan bolalar o‘qishda, nutq rivojlanishida va emotsional holatda muammolarga tez-tez duch keladi. Kalgari universiteti olimlari 64 ta mamlakatdan 2,8 milliondan ortiq bolalar haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilib, shunday xulosaga keldi. Tadqiqot natijalari JAMA Pediatrics jurnalida chop etilgan.
Tatqiqotchilar “soyabon sharh” deb ataluvchi tahlilni o‘tkazgan – ekran vaqtining bolalar rivojlanishiga ta’siri haqidagi avvalgi yirik ilmiy sharhlar natijalarini umumlashtirgan. Bunda smartfonlar, televizorlar va boshqa qurilmalardan foydalanish, shu jumladan o‘yinlar, ijtimoiy tarmoqlar, video tomosha qilish va muloqot qilish hisobga olingan.
Ekran qarshisida o‘tkazilgan ko‘proq vaqt umumiy o‘zlashtirishning pastroq ko‘rsatkichi bilan bog‘liq bo‘lib chiqqan. Shu bilan birga, matematika, o‘qish va tabiiy fanlar bo‘yicha alohida ko‘rsatkichlar gadjetlardan foydalanish davomiyligi bilan aniq bog‘liqlikni ko‘rsatmagan. Mualliflarning bildirishicha, ushbu yo‘nalishlar kamroq o‘rganilgan, shu sababli bir ma’noli xulosalar chiqarish uchun hozircha ma’lumotlar yetarli emas.
Bundan tashqari, uzoq vaqt ekran qarshisida bo‘lish nutq rivojlanishining pastroq ko‘rsatkichlari bilan bog‘liq bo‘lib chiqqan. Bolalarda, shuningdek, emotsional va ijtimoiy muammolar, jumladan tengdoshlari bilan muloqot qilishdagi qiyinchiliklar tez-tez kuzatilgan.
Tadqiqotchilar “internalizatsiya xulq-atvori” deb ataluvchi holat – bola asosan o‘z ichida boshdan kechiradigan xavotir va depressiya simptomlari bilan ham bog‘liqlikni aniqlagan. Bir vaqtning o‘zida “eksternalizatsiya xulq-atvori”, masalan, agressiya va diqqat vaqtining yetishmasligi va giperaktivlik sindromi simptomlari ham ko‘proq uchragan.
Mualliflarning qayd etishicha, aniqlangan bog‘liqliklar miqyosiga ko‘ra bolalar rivojlanishiga ta’sir qiluvchi boshqa ba’zi ma’lum omillarga, jumladan ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar, ota-onalarning xulq-atvori va vaqtidan ilgari tug‘ilish holatlariga mos keladi.
Shu bilan birga, mutaxassislar natijalarni aynan gadjetlar emotsional, intellektual yoki xulq-atvor muammolariga sabab bo‘ladi degan isbot sifatida talqin qilmaslikka chaqirgan. Tadqiqot kuzatuv ishlari ma’lumotlarini umumlashtiradi, shu sababli u sabab-oqibat bog‘lanishini o‘rnatishga imkon bermaydi. Bundan tashqari, olimlar hozircha ekran faolligining qaysi turlari eng katta ta’sir ko‘rsatishini aniq belgilay olmaydi.
Tadqiqotchilarning fikricha, ekran vaqti potensial ravishda o‘zgartirish mumkin bo‘lgan omillardan biri bo‘lishi mumkin.
Live
Barchasi