Uzoq kutilgan to‘qnashuv. Fyuri va Ngannu o‘rtasidagi jang to‘liq davom etdi
Sport
−
29 Oktabr 2023
13018Kecha, 28 oktyabr kuni britaniyalik prof bokschi Tayson Fyuri va sobiq UFC jangchisi Frensis Ngannu Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida boks qoidalari asosida jang qildi. Queensberry kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan mazkur to‘qnashuv to‘liq – 10 raund davom etdi.
Prof boksda debyutant bo‘lgan sobiq MMA jangchisi Ngannu Jahon boks kengashi (WBC) versiyasi bo‘yicha og‘ir vazn toifasidagi chempion hisoblangan Fyuriga munosib raqiblik qildi. Hatto, uchinchi raundda Frensis Taysonni nokdaunga uchratdi. Biroq, jang hakamlar qaroriga ko‘ra, Fyurining g‘alabasi bilan yakunlandi (95-94, 96-93, 95-94). Unga WBC tomonidan maxsus kamar topshirildi.
Ma’lumot uchun, Fyuri professional boksda 34 ta jang o‘tkazib, 33 ta g‘alaba va bitta durang natija qayd etgan. U joriy yilning dekabr oyida vatandoshi Derek Chisorani mag‘lub etib, o‘ziga tegishli bo‘lgan WBC bo‘yicha og‘ir vazn toifasidagi Jahon chempioni unvonini muvaffaqiyatli himoya qilgandi.
UFC bilan yangi shartnomadagi muammolar sabab xayrlashgan Ngannu esa MMA'da 20 ta jang o‘tkazib, faqat 3 tasida mag‘lubiyatga uchragan. U UFC'ni og‘ir vazn toifasidagi chempionlik maqomida tark etgan.