“O‘zlaridan podshoh yasab olgan, vallomat”. Toshkent markazida yana daraxtlar yo‘q qilinmoqda (video)
3-sahifa
−
20 fevral 7275 3 daqiqa
Toshkentdagi Milliy bog‘ hududida daraxtlar noqonuniy kesilmoqda. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi maslahatchisi Rasul Kusherboyev o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi.
Sobiq deputatga ko‘ra, Milliy bog‘ hududining bir qismi o‘rab olingan va bu Ozarbayjon davlatidan bo‘lgan investorlarga berilgan. Daraxtlar esa noqonuniy ravishda kesib tashlangan hamda qurilish ishlari olib borilmoqda.
“Butun toshkentliklar, o‘zbekistonliklar bilib olsin. Mana shu Milliy bog‘ning yo‘q bo‘lishiga qisman hissa qo‘shayotgan, O‘zbekiston tabiatini yomonlashga hissa qo‘shayotganlar qatorida mana shu xorijlik investorlar ham bor”, degan u.
Kusherboyevning qo‘shimcha qilishicha, bu daraxtkushlarning ortida juda katta qo‘llovchilari bor. Qo‘mita ruxsat bermagan bo‘lsa ham ular ochiqchasiga daraxtlarni kesib tashlamoqda va vakolati bo‘lishiga qaramay, uni ham kirgizishmagan.
“Qoyilmisiz? Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi maslahatchisi sifatida meni haqqim bor bu hududlarni o‘rganishga, jamoatchilik nazoratini sub’ekti sifatida, fuqaro sifatida haqqimiz bor”, deydi u.
Qolaversa, qonun buzilishi bo‘layotgan, tabiatga zarar yetkazayotgan bo‘lsa-da ularni o‘ziga bo‘lgan ishonchi yuqori ekanini qayd etgan Kusherboyev ekologiya xodimlarini mensimaslik, qonunlarni oyoq osti qilish bu yerda oddiy hol bo‘lib qolganini aytgan.
“Umuman Prezident farmonining talabini ham mensimaslik shunaqa darajada kuchli. Kim buni ortida turgan bo‘lsa ham bilib qo‘yish kerakki, siz himoya qilayotgan, qo‘llab-quvvatlayotgan odamlar O‘zbekiston xalqiga, uni tabiatiga zarar yetkazyapti. O‘zbekiston qonunlarini oyoq osti qilyapti. Prezident farmonini talablarini oyoq-osti qilyapti”, degan Kusherboyev.
Ichki ishlar organlarini chaqirib, prokuraturaga chiqib, so‘ngra hududga kira olganini bildirgan qo‘mita raisi maslahatchisi kesib tashlangan daraxt kamida 12 ta ekanini ma’lum qilgan.
“Qimmatbaho daraxtlar kesib tashlangan. Endi har xil bahonalar qilishyapti. O‘zlaridan bir podshoh yasab olgan, vallomat. Mana shu yerda bular non topyapti, tuz topyapti. Ikkita davlatni, ikkita xalqni o‘rtasidagi munosabatlarga bular putur yetkazishga hissa qo‘shyapti. Ikkita davlatni rahbarlari bordi-keldi qilyapti, lekin O‘zbekistonni, qonunlarni mensimaydigan investorlar ikkita o‘rtaga sovuqchilik solyapti”, deydi u.
O‘zbekiston fuqarosi sifatida, ekologiya xodimi sifatida O‘zbekistonga kelib zararkunandalik qilayotgan investorlardan norozi ekanini bildirgan Kusherboyev xorijliklar O‘zbekistonning har bir qarich yerini hurmat qilishi kerakligini talab qilgan.
“Shuning uchun o‘rtoqlar, bilib qo‘yinglar, mana O‘zbekistonni tabiatiga zarar yetkazayotganlar qatorida bular ham bor. Nomini bilmayman, lekin bilganimiz shuki, juda osmonda bular. Menga ham qo‘ng‘iroq qilib chiqmagan odam qolmadi. Milliy bog‘ning yo‘q bo‘lib borishiga, Toshkent havosining yomonlashishiga bular ham qissa qo‘shyapti”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida 3 ming dollar evaziga daraxt kesishga ruxsat bergan ekologiya xodimi ushlangan edi.
Live
Barchasi