O‘zil uyg‘urlarga tazyiqni qoralagach, Xitoy “Arsenal”-“Siti” o‘yini namoyishini taqiqladi
Sport
−
15 dekabr 2019
7184“Arsenal” yarim himoyachisi Mesut O‘zil Xitoy hukumatining mamlakat g‘arbidagi Shinjondagi (Uyg‘ur avtonom rayoni) musulmon uyg‘urlarga nisbatan olib borayotgan repressiv siyosatini qoralab chiqdi.
“Sharqiy Turkiston islom olamining qon oqayotgan jarohati. Aso maqsadi dindan uzoqlashtirish bo‘lgan ta’qib va quvg‘inlarga qarshilik ko‘rsatyapti.
Qur’on yoqilyapti, masjidlar yopilyapti, maktablar taqiqlanyapti, din ulamolari bir-bir o‘ldiryapti. Erkaklar lagerlarga jo‘natilyapti, ularning oilasi xitoylik erkaklar bilan yashashga majburlanyapti.
Ammo musulmonlar jim, ovozi chiqmayapti. Musulmonlar yordam bermayapti. Axir zulmga rozi bo‘lish – aynan zulmning o‘zi ekanini ular bilishmaydimi?”, deydi Mesut O‘zil.
O‘zilning tanqidiga javoban Xitoyning CCTV telekanali Angliya premer ligasining 17-turi doirasidagi “Arsenal”-“Manchester Siti” o‘yinining translyatsiyasini bekor qildi.
“Arsenal” ham bunga tezkolik bilan munosabat bildirdi. Klub bu O‘zilning shaxsiy fikri ekani haqida bayonot berdi. London klubi bu masalada betarafligini ochiq bayon etdi. “Arsenal” Weibo ijtimoiy tarmog‘ida (Xitoyning ichki ijtimoiy tarmog‘i, 500 milliondan ortiq foydalanuvchi bor) maxsus bayonot berdi.
“Biz Mesut O‘zilning so‘zlari bilan bog‘liq vaziyatni aniqlashtirishimiz kerak. Mesut nima yozgan bo‘lsa – bu uning shaxsiy fikri. “Arsenal” sport tashkiloti sifatida hech qachon siyosiy masalalarga aralashmaydi”.
Klubning bunday harakatini kutilmagan deyish qiyin. Nekagi “Arsenal”ning Xitoyda biznes manfaatlari bor, ulardan bir o‘yinchi uchun kechib bo‘lmaydi. Klubning Weibo ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida 5 mln nafardan ortiq a’zo bor, XXRda “Arsenal”ning alohida ofisi ham mavjud, bu yerda klubning fast-fud tarmog‘ini ochish rejalashtirilgan. “Arsenal” ko‘pincha yozgi turnesini Osiyoda o‘tkazadi.
Ma’lumot uchun, Uyg‘urlar Sharqiy Turkistonning tub xalqi (11 million kishi, e’tiqodiga ko‘ra musulmon-sunniylar), ular hozirgi Xitoy Xalq Respublikasi tarkibida tashkil etilgan Shinjon-Uyg‘ur muxtor hududida istiqomat qilishadi.
2018 yilning sentyabrida Humans Rights Watch Xitoydagi musulmon aholining ta’qibga uchrashi bo‘yicha hisobot e’lon qilgandi. Unda Xitoy hukumati ommaviy ravishda va ko‘p hollarda hech bir sababsiz uyg‘urlarni qo‘lga olib, ularni qayta tarbiyalash lagerlariga joylashtirishi aytilgandi.
Amerika nashrlarining yozishicha, mintaqada diniy binolar buzib, Qur’on taqiqlanadi, ba’zi musulmonlar uyg‘urlar esa cho‘chqa go‘shti yeyishga majburlanadi.
O‘tgan yilning noyabrida Xitoy “qayta tarbiyalash va o‘qitish lagerlari” mavjudligini tan olgandi. Bu ekstremizmga qarshi kurash zarurati bilan izohlangan. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 2018 yil dekabrida bir milliondan oshiq uyg‘urlar saqlanayotgandi.
LiveBarchasi