O‘zgidromet chilla qachondan qachongacha davom etishini ma’lum qildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda joriy yilgi chilla davri ertaga, 25 iyundan boshlanib, 3 avgustgacha davom etadi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar berdi.

Chilla — O‘zbekiston iqlimining ajralmas qismi deb hisoblanadi. Yozda qizigan cho‘llar ustida yuqori haroratli va namligi kam bo‘lgan tropik havo massalari shakllanadi, bu yozning o‘rtalarida bulutli, quruq va issiq ob-havoni belgilaydi.

Odatda, haroratning eng yuqori qiymatlari aslida “chilla” davriga to‘g‘ri keladi. Shunday qilib, bu yil ham chilla ning boshlanishi joriy yilning birinchi issiq to‘lqinlariga to‘g‘ri keldi.

25-29 iyun kunlari O‘zbekiston hududiga Turkmaniston orqali Eron hududlaridan issiq havo kirib kelishi sababli maksimal havo harorati 40-42 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 43-45 darajagacha ko‘tariladi.

Eslatib o‘tamiz, meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari davomida eng issiq iyun oyida havo harorati ba’zi joylarda 44-46 darajagacha, Qizilqum cho‘lida 47 darajagacha, respublikaning eng janubida 48-49 darajagacha ko‘tarilgan.

O‘zbekiston aholisida qadimdan jazirama issiqda o‘zini tutish madaniyati shakllangan. Ammo yozning issiq kunlarida xatti-harakatlarning ba’zi asosiy qoidalari haqida yana bir bor eslatib o‘tamiz.

•  quyoshda uzoq vaqt qolmaslikka harakat qiling, ayniqsa kunning o‘rtasida. Agar bu iloji bo‘lmasa, tanani va boshni to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlaridan himoya qilishga harakat qiling.

•  ko‘p suyuqlik iching, muzlatkichdan muzli ichimliklar emas, balki iliq suv yoki eng yaxshisi ko‘k choy iching.

•  ko‘proq meva, sabzavotlarni iste’mol qiling. Juda achchiq va yog‘li ovqatlarni iste’mol qilmaslikka harakat qiling. Sovutish moslamalari bilan jihozlanmagan do‘konlardan mahsulotlarni xarid qilmang - ular quyoshda qancha vaqt bo‘lganini bilmaysiz-ku.

•  konditsionerli xonada bo‘lganingizda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sovuq havo oqimi tagida o‘tirmang va konditsionerni 18 darajadan past bo‘lmagan haroratga “dasturlang”.

•  yurak-qon tomir kasalliklari bor insonlar dori-darmonlarni qabul qilish bo‘yicha shifokor bilan maslahatlashishlari kerak.


Maqola muallifi

Teglar

issiq yoz chilla

Baholaganlar

2439

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing