O‘zganing fotosurati ustiga haqoratli so‘zlar yozib, tarqatgan ayol ushlandi
3-sahifa
−
28 mart
7857O‘zganing fotosuratlari ustiga haqoratli so‘zlar yozib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan ayol qo‘lga olindi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar, Yashnobod tumanida yashovchi 33 yoshli (ayol) R.D. ariza bilan murojaat qilib, Telegram messenjerida “Man baxtlimaaannn” nomli profil egasi, R.D.ning fotosuratlarini haqoratli yozuvlar bilan ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joylashtirganligini ma’lum qilgan.
Kiberxavfsizlik bo‘linmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Toshkent shahar, Sirg‘ali tumanida yashovchi 30 yoshli (ayol) X.F. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan (ayol) X.F., jabrlanuvchi (ayol) R.D.ning fotosuratlarini Telegram’dagi “Man baxtlimaaannn” nomli profili, shuningdek, Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi akkaunti orqali haqoratli yozuvlar bilan tarqatgani aniqlangan va tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 140-moddasi (Haqorat qilish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, (ayol) X.F.ning sodir etilib fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligi yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 140-moddasi 2-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi nazarda tutilgan.
LiveBarchasi