O‘zbekistondagi kiberjinoyatlarning 90 foizi xorijdan amalga oshirilmoqda 

Jamiyat

−

image

O‘zbekistonda sodir etilayotgan kiberjinoyatlarning 90 foizi chet davlatlardan turib amalga oshirilmoqda. Bu haqda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik Ramazon Ashropov O‘zbekiston aholisiga qilgan murojaatida so‘z ochdi.

Uning bildirishicha, bugungi kunda sodir etilayotgan deyarli har ikkita jinoyatning bittasi axborot texnologiyalari orqali amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekistondagi kiberjinoyatlarning 90 foizi aynan chet davlatlardan turib, transchegaraviy xususiyatda amalga oshirilmoqda.

“Ochiq aytish lozim: bu turdagi jinoyatlarga qarshi kurashish faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan olib borilsa, kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Chunki firibgarlar asosan odamlarning soddaligi, beparvoligi va raqamli savodxonligi yetarli emasligidan foydalanmoqda. Bugun butun jamiyatning, jamoatchilikning kuchi, siz-u bizning hamkorligimiz kerak. Har bir fuqaro, har bir ota-ona, muallim, mahalla faoli, ziyoli o‘z atrofdagilarga, farzandlariga, shuningdek, keksalarga kiberxavfsizlik qoidalarini tushuntirishi, shuningdek, oddiy qilib aytganda, targ‘ibotchiga aylanishi zarur”, deydi Ramazon Ashropov o‘z murojaatida.

U hammadan kundalik hayotda quyidagi qoidalarga amal qilishni va ularni yaqinlarga yetkazishni so‘rgan:

  • Birinchidan, ijtimoiy tarmoqlarda kelgan shubhali va noma’lum fayllarni, ayniqsa APK formatidagi fayllarni ochmaslik va yuklab olmaslik. Hatto u yaqin insondan kelgan bo‘lsa ham;
  • Ikkinchidan, notanish raqamlardan kelgan va o‘zini turli idora xodimi deb tanishtirgan shaxslarning gapiga soddalik bilan ishonmaslik. Hech qachon telefon orqali kod yoki parol so‘ralmaydi;
  • Uchinchidan, pulni qisqa vaqt ichida bir necha barobar ko‘paytirib beraman degan turli onlayn va soxta platformalar tuzog‘iga tushib qolmaslik;
  • To‘rtinchidan, onlayn savdolarda sotuvchining ishonchliligini bilmasdan turib, oldindan to‘lovni amalga oshirmaslik;
  • Beshinchidan va eng muhimi: bank kartasining pin-kodini hamda telefonga kelgan SMS-kodni hech qachon va hech kimga aytmaslik.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida fuqarolarni “Aksiya g‘olibi bo‘ldingiz” deya aldab, ularning kredit va mikroqarz mablag‘larini o‘zlashtirgan noqonuniy koll-markaz – “kiberbunker” faoliyati fosh etilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing