Toshkentda 2 ta maxfiy koll-markaz aniqlandi. Yuzlab yigit-qizlar qo‘lga olindi (video)

3-sahifa

image

Toshkent shahrida chet-el fuqarosi boshchiligdagi yuzlab yigit-qizlardan tashkil topgan kiberjinoyatchilar guruhi qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tarmoq vakillari xorij davlatlari fuqarolarini yuqori daromadli investitsiya va kriptovalyuta loyihalari bilan aldab, ularning mablag‘larini o‘zlashtirish bilan shug‘ullanib kelgan. Buning uchun chet tillarni mukammal biladigan yoshlar, nufuzli universitet talabalari jalb qilinib, ularning har biri kuniga yuzlab qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirgan.

Tezkor tadbirlar davomida Toshkent shahrida ikkita yirik koll-markaz fosh etilgan. Yashnobod tumanida joylashgan biznes markazlaridan birining oltinchi qavatida o‘tkazilgan tintuv-tergov tadbirlari davomida binoga joylashib olgan koll-markazda jami 97 nafar shaxs aniqlangan. Mazkur shaxslarning besh nafari esa chet el fuqarolari.

Tezkor tadbirlar Yakkasaroy tumanida ham davom ettirilgan. Biznes markazi binosining 11-qavatida aniqlangan navbatdagi koll-markazda 34 nafar shaxs faoliyat olib borayotgani, ularning uch nafari esa chet el fuqarolari ekanligi aniqlangan.

Koll-markazlarda boshqaruvchi, tashkilotchi, yordamchi, jamoa sardorlari va operatorlar oyiga 70 foizgacha daromad orttirishga qiziqtiruvchi kontentlar aks etgan fishing havolalar tayyorlab, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Gollandiya, Daniya va boshqa xorijiy davlatlar fuqarolariga soxta raqamlar orqali qo‘ng‘iroq qilib, treyderlik niqobi bilan investitsiya tariqasida kripto-aktivlarni o‘tkazma qilgan.

Bildirilishicha, xodimlarni ishga jalb qilishda yuqori konspiratsiya qoidalariga amal qilish yuzasidan alohida o‘qitilgan va xorijiy fuqarolar bilan taxalluslar orqali suhbatlashilgan. Binoga kirish qat’iy nazorat ostida amalga oshirilib, maxsus qo‘riqchilar eshik oldida doimiy faoliyat olib borgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yuqoridagi manzillardan uyushgan guruh jinoiy harakatlarni amalga oshirishda foydalangan 136 ta kompyuter, 90 ta monitor, 73 ta protsessor va 53 ta monoblok, 320 ta telefon apparati, 128 ta qattiq disk va 175 ta xotira qurilmasi, ikkita seyf va boshqa turdagi vositalar aniqlanib, hujjatlashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tergov boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu sxemani tashkil etgan shaxs chet el fuqarosi bo‘lib, u O‘zbekiston hududidagi noqonuniy faoliyatini 1978 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bilan hamkorlikda amalga oshirgan. Jinoiy uyushmaning mazkur ikki rahbari va yana koll-markaz noqonuniy faoliyatining asosiy gumonlanuvchilari bo‘lgan sakkiz nafar shaxs qamoqqa olingan.

Shuningdek, yana 10 nafar gumondorlar qamoqqa olingan hamda qolgan 111 nafar shaxs bilan tezkor surishtiruv va tergov ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatida noqonuniy kripto-aktiv ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan xorijlik talaba qo‘lga olingandi. U kriptohamyon orqali jami 1 milliard 250 million 319 ming 973 so‘mlik kripto-aktivlar ayirboshlangan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing