“O‘zbektelekom” AK bulutli data-markazi O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyoti rivojiga hissa qo‘shmoqda
Biznes
−
30 noyabr 2020
5053Joriy yilning 30 noyabr kuni jurnalistlar va kompaniyaning muayyan korporativ mijozlari uchun press-tur tashkil etildi va unda keng ko‘lamda amalga oshirilgan modernizatsiya ishlaridan so‘ng Toshkent shahridagi “O‘zbektelekom” AK “UZCLOUD” bulutli data-markazining keng imkoniyatlari namoyish etildi.
2020 yilda “O‘zbektelekom” AK Toshkent shahridagi bulutli data-markazini bir necha marotaba modernizatsiya qildi va quvvatini oshirdi hamda bugungi kunda o‘z mijozlariga eng zamonaviy bulutli xizmatlarni taklif qilmoqda.
Press-tur davomida “O‘zbektelekom” AK “Axborot tizimlari” filiali mutaxassislari jurnalistlar uchun taqdimot o‘tkazdilar, shu bilan birga B2B qatlamiga oid muayyan mijozlar bilan hamkorlik qilish taklifi bilan muzokaralar o‘tkazdilar.
Xususan, bulutli data-markaz loyihasining maqsadlari davlat tashkilotlari, biznes sub’ektlari, aholining Ma’lumotlarni qayta ishlash va saqlash markazi resurslariga o‘sib borayotgan talabini qondirish, shuningdek bulutli hisoblash negizida eng zamonaviy xizmatlarni taqdim etish ekanligi ta’kidlab o‘tildi.
Data-markazning bugungi kundagi yangilangan qiyofasi quvvati o‘z ichiga 70 dan ziyod telekommunikatsiya javonlari, 200 ta bleyd-serverlar, 6 PBdan ziyod ma’lumotlarni saqlash tizimi, 100 Gbit/s ma’lumotlarni uzatish tizimini mujassam etadi. 2021-yilda 80 ta telekommunikatsiya javonlari, 194 ta bleyd-serverlar, 6 PB ma’lumotlarni saqlash tizimi, 1000 KVA dizel generatorlarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Data-markaz eng zamonaviy xavfsizlik uskunalari va ishonchli tizimlar bilan jihozlangan:
• Axborot xavfsizligi tizimlari;
• Sanoat sun’iy havo hosil qilish tizimi;
• Uzluksiz quvvatlash manbalari;
• Elektr quvvatlashni taqsimlash tizimi;
• Yoritish va video-kuzatuv tizimi;
• Yong‘inni o‘chirish tizimi;
• Vaqtni qayd etish/sinxronlashtirish tizimi;
• Infratuzilmani boshqarish tizimi (NOC).
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Ma’lumotlarni qayta ishlash markazining ishonchlilik darajasi Uptime Institute tasnifi bo‘yicha xalqaro Tier III tizimi bilan mos keladi, ya’ni “N+1” formulasi bo‘yicha Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi infratuzilmasini zaxiralashni ta’minlaydi. Bunda inkor etishga bardoshlilik koeffitsiyenti 99,982% ni tashkil etadi. Bu shuni anglatadi-ki, data-markaz barcha muhandislik quyi tizimlarining zaxirasiga ega va Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi ishining to‘xtovsiz ravishda ta’mirlash-profilaktika ishlarini o‘tkazishga imkon beradi.
Ekskursiya davomida kompaniya mutaxassislari “VDC Virtual data-markaz”,
“VDI Virtual ish stoli”, “VKS – Video-konferens-aloqa”, “Colocation”, “Web hosting”, “Bulutli video-kuzatuv” va boshqa ko‘plab bulutli servis hamda data-markazning xizmatlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etishdi.
Ommaviy axborot vositalari vakillariga “O‘zbektelekom” AK doimiy ravishda data-markazning server uskunalari tarkibidagi kontentni mahalliylashtirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirayotgani haqida so‘zlab berildi.
Misol uchun, Rossiyaning VoD-servisi IVI bilan hamkorlikda mamlakat uchun noyob loyiha – 95 mingdan ziyod a’lo sifatdagi filmlar, multfilm va seriallarni o‘zida jamlagan hamda O‘zbekiston aholisi uchun har qanday qulay qurilmalarda tomosha qilish imkoniga ega bo‘lgan onlayn-kinoteatr ishga tushirildi. Bundan tashqari, 2019 yilda dunyoga mashhur kompaniyalardan biri Wargamingꞌning o‘yin klasteri o‘rnatildi.
Shuningdek, joriy yilda “O‘zbektelekom” AK bulutli data-markazi negizida Internet xizmatlarini taqdim etuvchi dunyodagi eng yirik kompaniyalar bilan hamkorlikda server uskunalarini va IT-gigantlarining ko‘plab serverlarini mahalliylashtirish amalga oshirildi.
Servislarning mahalliylashtirilishi tufayli O‘zbekiston foydalanuvchilari ma’lumotlarni tezroq olishlari va yuklab olishlari mumkin. «ping» ko‘rsatkichi kamaydi, ya’ni servislarga har qanday so‘rov javob/ma’lumot olish uchun transmilliy tarmoqlar orqali o‘tmaydi va bu foydalanuvchining so‘rovlariga javob olishda vaqtni qisqartiradi. Shuningdek, servislarni mahalliylashtirish sabab, O‘zbekiston hududida xalqaro Internet-kanalni sezilarli darajada yuklamadan yengillashtirish imkoni mavjud. Bu esa O‘zbekistonning barcha operatorlari va provayderlariga abonentlar uchun yanada arzonroq va tezkor tariflarni taqdim etish imkoniyatini beradi.
Press-tur chog‘ida kompaniya vakillariga hamkorlik qilish bo‘yicha takliflar hamda imkoniyatlar taqdim etildi.
Kelgusidagi taraqqiyot istiqbollari ham namoyish etildi. O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotining bulutli xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoji doimiy ravishda o‘sib borishini inobatga olib, “2021-2022 yillarda “O‘zbektelekom” AK telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida Buxoro va Qo‘qon shaharlarida har birining umumiy quvvati 50 PB bo‘lgan yana ikkita Ma’lumotlarni qayta ishlash va saqlash markazlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
“O‘zbektelekom” AK aholi, biznes sub’ektlari, davlat idoralari, shuningdek O‘zbekistonning operator va provayderlari uchun ilg‘or raqamli operator bo‘lishga intilmoqda. Asosiy vazifa – eng keng doirada qo‘llash uchun zamonaviy raqamli infratuzilmani taqdim etish. “O‘zbektelekom” AK mamlakatimiz iqtisodiyotining raqamli transformatsiyasi uchun qulay vosita va ishonchli poydevor hisoblanadi.