“Katta qarzdorlikni to‘lamay kelgan”. “O‘zbektelekom” Humans ishi bo‘yicha munosabat bildirdi

3-sahifa

image

Avvalroq, O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi Humans kompaniyasining Singapurdagi ta’sischisi – Humans Mobile Ltd O‘zbekiston Markaziy banki va “O‘zbektelekom” xatti-harakatlari ortidan xalqaro arbitrajga shikoyat kiritgandi. Vaziyat yuzasidan “O‘zbektelekom” munosabat bildirdi.

Unda qayd etilishicha, Humans virtual operatori “O‘zbektelekom” AK mobil tarmog‘idan foydalanib, daromad topsa-da, uning xarajatlarini to‘lashni ortga surib kelmoqda.

“O‘zbektelekom”ning bildirishicha, Humans virtual operatori, boshqa mobil operatorlardan farqli ravishda, o‘z tarmog‘ini yaratish uchun sarmoya kiritmagan. Shuning uchun, u mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatishga 2020 yildan buyon shartnoma asosida “O‘zbektelekom” AK mobil tarmog‘idan foydalanib kelgan.

“Ba’zi OAVlarda “O‘zbektelekom” AK tomonidan Humans operatoriga nisbatan “bozordagi ustun (monopol) mavqesidan foydalanib bosim o‘tkazayotganligi” to‘g‘risida noxolis axborotlar tarqalmoqda. Aslida Humans o‘z infrastrukturasiga ega “O‘zbektelekom” AKdan tashqari boshqa mobil operatorlari bilan ham shartnoma asosida xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin, qonunchilikda faqat “O‘zbektelekom” AK bilan mobil infrastrukturadan foydalanish kerak deb hech joyda belgilanmagan”, deyiladi munosabatda.

 Shuningdek, “O‘zbektelekom” AK O‘zbekistonda internet xizmatlarini arzonlashtirish va ularni aholiga yanada qulay qilish bo‘yicha muhim ishlarni amalga oshirib kelayotganini, natijada Xalqaro internet kanallarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati kengaytirilishi hisobiga operator va provayderlar uchun 1 Mbit/s internet narxi 2017-2024 yillarda 40 barobarga arzonlashtirilganini bildirgan.

“Humans uzoq muddat davomida shartnoma majburiyatlarini tizimli ravishda buzib kelgan, ya’ni ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha katta miqdorda qarzdorlikni to‘lamasdan kelgan. “O‘zbektelekom” AK faqat iste’molchilar huquqi buzilmasin, ular Humans bo‘ladimi, boshqa operatormi iste’molchi to‘lagan puliga yarasha xizmat olsin deb o‘z xizmatini davom ettirgan”, deyiladi “O‘zbektelekom” munosabatida.

Bildirilishicha, “O‘zbektelekom” AK mavjud qarzdorlikni undirish va kelgusida kompaniyaga zararni kamaytirish maqsadida tegishli sudga da’vo arizasi kiritgan. Joriy yilning 8 may kuni Toshkent shahar iqtisodiy sudi “O‘zbektelekom” AK tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun qarzdorlik yuzasidan “Humans” kompaniyasiga nisbatan qaror chiqargan.

Eslatib o‘tamiz, may oyida Humans Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasidan “O‘zbektelekom”ga nisbatan monopoliyaga qarshi ish ochishni so‘ragandi. Kompaniyaning qayd etishicha, davlat operatori qarzdorlik tufayli Humans uchun internet tezligini pasaytirib, xizmatlarga “monopol yuqori narx” belgilagan va kamsituvchi sharoitlar yaratgan. Jahon banki huzuridagi Investitsion nizolarni hal etish xalqaro markaziga O‘zbekistonga qarshi da’vo arizasi kiritilgandan so‘ng esa Humans Group bosh direktori va asoschisi Vladimir Dobrinin arbitraj muhokamasini investorlar o‘z manfaatlarini insofsiz ma’muriyatchilikdan himoya qilishning madaniyatli vositasi, deb atagan. Humans sud muhokamasi “adolatli tartibga solish tamoyillarini mustahkamlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga” xizmat qiladi deb hisoblab, zararni qoplashni talab qilmoqda.

Da’vo arizasini berishga O‘zbekiston va Singapur hukumatlari o‘rtasida 2003 yil 15 iyulda imzolangan va 2003 yil 23 noyabrdan kuchga kirgan Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitim qoidalarining buzilishi asos bo‘lmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbektelekom Humans

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing