Humans asoschisi ham xalqaro qidiruvga berildi

3-sahifa

image

Humans Group bosh direktori va asoschisi Vladimir Dobrinin ham xalqaro qidiruvga berildi. Bu haqdagi e’lon Interpol saytida paydo bo‘ldi.

E’longa ko‘ra, O‘zbekiston Dobrininga nisbatan “qizil bildirishnoma” (Red Notice) rasmiylashtirgan. Unga qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (pul yuvish) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Shuningdek, e’londa ayblovlarning ta’rifi so‘rov yuborgan tomon taqdim etgan shaklda e’lon qilingani keltirilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-moddasiga ko‘ra, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Mazkur harakatlar uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (243-modda) 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.

Humans ishi 

2025 yilning iyun oyida O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi Humans kompaniyasining Singapurdagi ta’sischisi – Humans Mobile Ltd O‘zbekiston Markaziy banki va “O‘zbektelekom” xatti-harakatlari ortidan xalqaro arbitrajga shikoyat kiritgandi. Da’vo arizasini berishga O‘zbekiston va Singapur hukumatlari o‘rtasida 2003 yil 15 iyulda imzolangan va 2003 yil 23 noyabrdan kuchga kirgan Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitim qoidalarining buzilishi asos qilib ko‘rsatilgan.

Keyinroq esa Humans virtual operatori “O‘zbektelekom” AK mobil tarmog‘idan foydalanib, daromad topsa-da, uning xarajatlarini to‘lashni ortga surib kelgani ma’lum bo‘ldi. “O‘zbektelekom”ning bildirishicha, Humans virtual operatori, boshqa mobil operatorlardan farqli ravishda, o‘z tarmog‘ini yaratish uchun sarmoya kiritmagan. Shuning uchun, u mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatishga 2020 yildan buyon shartnoma asosida “O‘zbektelekom” AK mobil tarmog‘idan foydalanib kelgan.

2025 yilning dekabrida Humans ilovasiga ulangan kartalardan ommaviy pul yechib olindi. Buning ortidan esa Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi Octobank arizasiga binoan Humans kompaniyasini bankrot deb topgani va uning faoliyatini to‘xtatmagan holda tugatish jarayonini boshlagani ayon bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024 yil oktyabrdan 2025 yil avgustgacha “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJga rahbari lavozimida ishlagan Dilshod Ahmedov va “Ravshan zolotoy” laqabi bilan tanilgan o‘zbekistonlik Ravshan Muhitdinov O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi so‘rovi bilan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgani ma’lum bo‘lgan edi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Interpol Humans Vladimir Dobrinin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing