Sud Humans’ni bankrot deb topgan

3-sahifa

image

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning Humans ilovasiga ulangan bank kartalaridan ruxsatsiz va hech qanday xatti-harakatlarsiz pul yechib olingani haqida xabar berilgandi. Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi Octobank arizasiga binoan Humans kompaniyasini bankrot deb topdi va uning faoliyatini to‘xtatmagan holda tugatish jarayonini boshladi. Tegishli qaror 14 oktyabr kuni sudya B. Sultonov raisligida qabul qilindi. QALAMPIR.UZ sud hujjatlari bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, joriy yil iyun oyida Octobank Humans moliyaviy xizmatini o‘z tizimidan uzganini ma’lum qilgan. 13 iyundan boshlab Visa hamkor kartalariga xizmat ko‘rsatish to‘xtatilgan. Bank Humans kompaniyasidan 500 mlrd so‘mdan ortiq qarzdorlikni undirish va yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritgan.

Tomonlar 2020 yildan buyon hamkorlik qilib kelgan. Octobank shartnoma shartlarini vijdonan bajargan, biroq “Humans” MCHJ bir necha bor Humans moliyaviy xizmati doirasida kliring operatsiyalari bo‘yicha bank tomonidan amalga oshirilgan pul kompensatsiyasini o‘z vaqtida qaytarishdan bosh tortgan va mukofotni o‘z vaqtida to‘lamagan. 

Humans Octobank’ga qarshi “shartnoma majburiyatlarini muntazam ravishda bajarmagani” uchun qarshi da’vo qo‘zg‘atgan.

“Humans Visa kartalari egalarining murojaatlari bank tomonidan butunlay e’tiborsiz qoldirilgan yoki jiddiy kechikishlar bilan ko‘rib chiqilgan yuzlab qoidabuzarliklar qayd etilgan. Gap bankning asosiy operatsion tartib-qoidalarining yaroqsizligi haqida ketmoqda, buning natijasida Humans Visa’ning yakuniy foydalanuvchilari zarar ko‘rgan”,  deyiladi kompaniya xabarida.

13 iyun kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi Humans’dan Octobank foydasiga deyarli 430 mlrd so‘m (MBning joriy kursi bo‘yicha 35,8 mln dollar) undirish to‘g‘risida qaror chiqardi:

  • 399,8 mlrd so‘m asosiy qarz;
  • 605,2 mln so‘m mukofot puli bo‘yicha qarzdorlik;
  • 19,6 mlrd so‘m penya;
  • 9,64 mlrd so‘m davlat boji;
  • 37,5 ming so‘m pochta xarajatlari.

Qaror 2025 yil 14 iyulda qonuniy kuchga kirgach, ijro varaqasi berilgan, biroq ish hujjatlarida qayd etilganidek, qarzdordan pul mablag‘larini undirishning imkoni bo‘lmagan.

Ish doirasida sud va muvaqqat boshqaruvchi qarzdorning mol-mulki mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yuzasidan tegishli tashkilotlarga so‘rov yuborgan.

Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining 2025 yil 11 avgustdagi javobiga ko‘ra, Humans MCHJ nomiga ikkita avtomobil: 2020 yilda ishlab chiqarilgan  D-MAX IRBIS va 2019 yilda ishlab chiqarilgan Malibu 2 ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi 30 iyuldagi xatida jamiyat nomiga qimmatli qog‘ozlar – aksiyalar va obligatsiyalar ro‘yxatdan o‘tkazilmaganini ma’lum qilgan.

Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasining 2025 yil 11 avgustdagi xatiga ko‘ra, qarzdor nomiga Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Maxtumquli ko‘chasi, 2b-uy manzilida noturarjoy binosi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Sud majlisi bank va kompaniya vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan. Kreditor, ya’ni Octobank vakili, arizani qo‘llab-quvvatlab, suddan Humans’ni bankrot deb topishni va faoliyatini to‘xtatmagan holda tugatish jarayonini boshlashni so‘ragan.

Sud ishlari bo‘yicha boshqaruvchining ma’lum qilishicha, Humans kreditorlar yig‘ilishining 12 avgustdagi bayonnomasiga ko‘ra, kreditorlar qarzdorni bankrot deb topish, korxona faoliyatini to‘xtatmagan holda tugatish jarayonini boshlash, shuningdek, Abrorjon Madrahimovni tugatish bo‘yicha boshqaruvchi etib tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

U sudga qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etib, qarzdorni doimiy to‘lovga layoqatsiz deb topishni so‘ragan.

Humans vakillari kreditorning talablariga e’tiroz bildirib, qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etgan va qarzni to‘lash choralari ko‘rilayotganini ma’lum qilgan. Ular suddan arizani qanoatlantirishni rad etishni so‘rashgan.

Sud Iqtisodiy protsessual kodeksning 210-moddasiga va “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonun normalariga asoslanib, bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan maxsus qoidalarni hisobga olgan holda ko‘rib chiqilishini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

bankrot Humans

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing