“O‘zbeklar qirg‘ini” bo‘yicha sud qachon o‘tkazilishi ochiqlandi. Asosiy aybdorlar orasida Atamboyev bor

Olam

image
O‘sh voqealari, Karimov va Otunbayeva. O‘zbeklar qirg‘ini qanday ro‘y bergandi? north_east

O‘sh voqealari, Karimov va Otunbayeva. O‘zbeklar qirg‘ini qanday ro‘y bergandi?

2010 yilning iyun oyida sodir bo‘lgan va tarixga “O‘sh voqealari” nomi bilan kirgan qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida etnik mojaro bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi materiallari sudga yuborildi. Joriy yilning 15 avgust kuni dastlabki sud majlisi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Aybdorlar orasida Qirg‘iziston sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev ham bor. Bu haqda 24.kg nashri xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, jinoyat ishi bo‘yicha sud majlisi Bishkekning Pervomayskiy tuman sudida ko‘rib chiqiladi. Unda sobiq Prezident Almazbek Atamboyev mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda ayblangan. 

Ayblanuvchilar orasida 2010 yilda Roza Otunboyeva boshchiligida tuzilgan muvaqqat hukumatning 5 sobiq a’zosi ham bor. 

Bundan tashqari, sobiq Mudofaa vaziri Ismoil Isoqov, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Keneshbek Duysheboyev, Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Baktibek Alimbekovga ham ayblovlar qo‘yilgan. 

“Tergov tugadi. Bizga da’vo muddati o‘tganligi sababli jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishni taklif qilishdi. Men rad etdim, chunki sudda aybsizligimni isbotlamoqchiman. Menga mansab vakolatini suiiste’mol qilish aybi qo‘yildi”, deydi Jalolobod viloyatining sobiq gubernatori Bektur Asanov. 

Sobiq Prezident Almazbek Atamboyev ham 2010 yil iyun voqealari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilishini to‘xtatish to‘g‘risida ariza berishdan bosh tortgan. 

Unga da’vo muddati tugagani sababli ishni yopish taklif qilingan. Biroq, bu uni oqlanishi yoki aybsiz deb e’lon qilinishini anglatmaydi. 

“Tergov departamenti barcha ayblanuvchilarga jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishni taklif qildi. Biroq iyun voqealari uchun jinoiy javobgarlikka tortish muddati ikki yil avval tugagan. Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, bu holatda hech kimga ayblov qo‘yish mumkin emas”, dedi Atamboyevning advokati Zamir Jo‘shev. 

Muvaqqat hukumat 2010 yil aprel voqealaridan keyin tuzilgan. Unga 14 kishi, jumladan, Roza Otunboyeva (MH rahbari), Almazbek Atamboyev (birinchi o‘rinbosar), Temir Sariyev va Azimbek Beknazarov (MH rahbari o‘rinbosari), Damira Niyozaliyeva (Sog‘liqni saqlash vaziri) kirdi.  Emilbek Kaptagayev MH apparati rahbari edi.

Iyun voqealari bo‘yicha jinoiy tergov 2021 yil aprel oyida qayta tiklangan. Mazkur holat yuzasidan Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining “Xizmat vakolatini suiiste’mol qilish” moddasi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Muvaqqat hukumat mansabdor shaxslariga nisbatan 2010 yilning may-iyun oylarida respublika janubida fojiali oqibatlarga olib kelgan sabablardan biri – Qodirjon Botirovning mamlakatdan to‘siqlarsiz noqonuniy chiqib ketishiga ko‘maklashganlik fakti bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. 

2010 yilning iyun oyi Qirg‘izistonning janubida mahalliy qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida etnik mojaro chiqdi. Ushbu nizo oqibatida 500 ga yaqin inson halok bo‘ldi. Jarohatlanganlar soni mingdan, qo‘shni O‘zbekistonga qochib o‘tganlar esa yuz mingdan oshdi. Bundan tashqari 3,5 mingdan ortiq ko‘chmas mulk vayron qilindi. Shundan atiga 275 tasi davlatga tegishli, qolgan katta qismi esa mahalliy aholining boshpanasi edi. Ushbu statistika voqeaning ko‘lamidan dalolat: yongan uylar, qonga belangan qo‘llar, yaqinlaridan ayrilgan insonlar.  


Maqola muallifi

Teglar

Almazbek Atamboev Roza Otunboeva O'sh voqealari

Baholaganlar

878

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing