“O‘sh voqealari”ning aybdori sifatida ko‘riladigan Otunboyeva O‘zbekistonga keldi

Jamiyat

image

2010 yilning iyun oyida sodir bo‘lgan va tarixga “O‘sh voqealari” nomi bilan kirgan qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida etnik mojaroning asosiy aybdorlari ro‘yxati boshida ko‘riladigan Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Roza Otunboyeva bugun, 16 noyabr kuni O‘zbekistonga keldi. 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistonga yordam missiyasi rahbari lavozimida faoliyat yuritayotgan Roza Otunboyeva Toshkentda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashgan. Bu haqda Saidovning o‘zi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi. 

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili, BMTning Afg‘onistonga yordam missiyasi rahbari Roza Otunboyeva xonim bilan uchrashishdan mamnunmiz”, deb yozgan Saidov.

Ma’lum qilinishicha, tomonlar Afg‘onistonga insonparvarlik yordami ko‘rsatish, ushbu mamlakat milliy iqtisodiyotini tiklash va turli infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik hamda Afg‘oniston yo‘nalishida ilgari surilgan tashabbuslar yuzasidan fikr almashgan. 

O‘sh voqealari va Otunboyeva

U 2010 yil 3 iyuldan 2011 yil 1 dekabrgacha Qirg‘iziston Prezidenti lavozimida ishlagan.

2011 yilda sodir bo‘lgan "Aprel inqilobi" sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev hokimiyatining ag‘darilishiga olib kelgan. Bishkekdagi qurolli to‘qnashuvlarda 80 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 1500 dan ortiq kishi jarohatlangan. Bakiyev mamlakatni tark etgan, hokimiyat Roza Otunboyeva boshchiligidagi Muvaqqat hukumatga o‘tgan, Almazbek Atamboyev uning birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.

Muvaqqat hukumatga rahbarlik qilgan Roza Otunboyeva 2010 yil iyun oyida sodir bo‘lgan O‘sh va Jalolobod voqealarining asosiy aybdorlaridan biri hisoblanadi.

2010 yilning iyun oyi Qirg‘izistonning janubida mahalliy qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida etnik mojaro chiqdi. Ushbu nizo oqibatida 500 ga yaqin inson halok bo‘ldi. Jarohatlanganlar soni mingdan, qo‘shni O‘zbekistonga qochib o‘tganlar esa yuz mingdan oshdi. Bundan tashqari 3,5 mingdan ortiq ko‘chmas mulk vayron qilindi. Shundan atiga 275 tasi davlatga tegishli, qolgan katta qismi esa mahalliy aholining boshpanasi edi. Ushbu statistika voqeaning ko‘lamidan dalolat: yongan uylar, qonga belangan qo‘llar, yaqinlaridan ayrilgan insonlar.

Iyun voqealari bo‘yicha jinoiy tergov 2021 yil aprel oyida qayta tiklangan. Mazkur holat yuzasidan Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining “Xizmat vakolatini suiiste’mol qilish” moddasi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Muvaqqat hukumat mansabdor shaxslariga nisbatan 2010 yilning may-iyun oylarida respublika janubida fojiali oqibatlarga olib kelgan sabablardan biri – Qodirjon Botirovning mamlakatdan to‘siqlarsiz noqonuniy chiqib ketishiga ko‘maklashganlik fakti bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baxtiyor Saidov Roza Otunboeva O'sh voqealari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing