O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Koreya Prezidenti qabulida bo‘ldi
Jamiyat
−
04 noyabr
2570Bugun, 4 noyabr kuni Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” hamkorlik forumida Tashqi ishlar vazirlarining 17-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ishtirok etdi. Vazirlar Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol tomonidan qabul qilindi. Bu haqda vazir Saidov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozdi.
“Hamkasblarimiz bilan birga Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol Janobi Oliylari tomonidan qabul qilinganimizdan mamnunmiz. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari nomidan eng samimiy tilaklarimizni yetkazdik. Koreya Respublikasi O‘zbekistonning azaliy va alohida strategik sherigidir. Rahbarlarimiz misli ko‘rilmagan sur’at bilan rivojlanib borayotgan keng qamrovli munosabatlarimizda yangi sahifa ochdilar”, deydi Baxtiyor Saidov.
Hamkorlik forumi doirasida ta’minot zanjiri, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi, turizm va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalarida yuzma-yuz va virtual formatda to‘rtta mavzuli sessiya bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda kun tartibidagi muhim masalalar, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Tashqi ishlar vazirlarining Qo‘shma bayonoti hamda “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi hamkorlik forumi” kotibiyatining 2025 yilga mo‘ljallangan ish rejasi qabul qilindi.
“Bugungi kunda Markaziy Osiyo dunyodagi eng tez rivojlanayotgan mintaqalardan biridir. Biz umumiy farovonlikka qaratilgan masalalarda atroflicha fikr almashdik. Ekologik chaqiriqlarga qarshi kurashish, uzluksiz yetkazib berish zanjirlarini ishonchli ta’minlash, muhim qazilma materiallarni qayta ishlash, raqamlashtirish, turizm va shu kabi sohalarda yangi tashabbus va hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildik. Bularning barini amalga oshirish uchun ulkan salohiyat va real imkoniyatlar mavjud”, deydi Saidov.
Shuningdek, u koreyalik mavqedoshi Cho Txe Yol bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Koreya Respublikasi Prezidentining joriy yil iyun oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan muloqoti yuqori texnologiyalar, innovatsion iqtisodiyot, “yashil” energetika, aqlli qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda yanada faol hamkorlikka yo‘l ochganini qayd etildi. Mamlakatlar o‘rtasidagi barcha kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish, ayniqsa, iqtisodiy sohada yangi kompleks loyihalarni ishlab chiqish, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.
LiveBarchasi