Roza Otunboyeva “Tolibon” bilan muzokara o‘tkazish uchun Qobulga boradi

Olam

image

BMT Bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili, BMTning Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasi rahbari Roza Otunboyeva Afg‘onistonda “Tolibon” harakati tomonidan tuzilgan muvaqqat hukumatni xalqaro miqyosda tan olish ehtimoli bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun Qobulga boradi. Bu haqda manbalariga tayanib “The Express Tribune” xabar berdi

Qayd etilishicha, Otunbayevaning safari fevral oyida Dohada bo‘lib o‘tgan BMT homiyligidagi konferensiyadan keyin Qobuldagi muvaqqat hukumat bilan muloqot o‘rnatish yo‘lidagi qadam bo‘ladi.

Qatar poytaxtida bo‘lib o‘tgan konferensiyada 25 davlat, jumladan, Pokiston vakillari Afg‘oniston bilan hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasini muhokama qilgan. 

“Konferensiya “Tolibon”ga xalqaro tan olinishi uchun Qobul rasmiylaridan Afg‘oniston hududidan terrorchilik faoliyati uchun foydalanilishining oldini olish, mamlakatda inklyuziv hukumat o‘rnatish va inson huquqlarini, ayniqsa, ayollar va qizlarning huquqlarini hurmat qilish kabi asosiy shartlarga rioya etish talab qilinishi haqida aniq signal berdi”, deya qayd etadi nashr.

Konferensiyaga “Tolibon”ni qo‘llab-quvvatlamaydigan afg‘on faollarining taklif qilinishi va tadbir kun tartibidan norozi  bo‘lgan Afg‘onistondagi muvaqqat hukumat Dohadagi yig‘ilishda ishtirok etishdan bosh tortdi.

Afg‘oniston muvaqqat hukumatidagi tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy boshchiligidagi delegatsiyaning yig‘ilishda qatnashmagani uning ishtirokchilariga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning hozirda Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Roza Otunbayeva egallab turgan ushbu mamlakatdagi BMT Bosh kotibining maxsus vakili lavozimiga qo‘shimcha ravishda Afg‘oniston bo‘yicha jahon tashkilotining maxsus vakilini tayinlash to‘g‘risidagi taklifini ma’qullashga imkon bermadi.

Guterrishning aytishicha, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakilini tayinlash taklifi manfaatdor tomonlar va Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan maslahatlashuvlardan so‘ng ma’qullanadi. Yangi lavozimga tayinlanadigan vakilning vazifalari “Tolibon”ning xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirish hamda afg‘onistonliklar ichidagi muloqotni rivojlantirishni o‘z ichiga oladi. Qobul BMT maxsus vakili tayinlanishiga keskin norozilik bildirgan va “yangi maxsus vakil Afg‘oniston uchun qabul qilib bo‘lmaydigan qarorlar chiqarishi mumkin”, deb ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning aprel oyida ham Roza Otunboyeva Qobulga borib, "Tolibon" vakillari bilan uchrashgandi. O‘tgan yilning dekabr oyida esa Otunboyeva BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida inson huquqlari masalalari bo‘yicha taraqqiyotning yo‘qligi Afg‘oniston va xalqaro hamjamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni boshi berk ko‘chada ushlab turgan asosiy omil bo‘lib qolayotganini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon BMT Roza Otunboeva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing